Bulung‘urning chekka hududidagi uchta maktabga 1500 ta kitob sovg‘a qilinadi
Hududlarda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish borasida olib borilayotgan ishlarni o‘rganish va mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha Respublika ishchi guruhi Samarqand viloyatida bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, O‘zbekiston yoshlar ishlari agentligi, mas’ul vazirlik va idoralar vakillaridan iborat ishchi guruhi a’zolari o‘tayotgan hafta davomida viloyatning chekka hududlarida istiqomat qiluvchi yoshlar bilan uchrashdi.
Bulung‘ur tumanida o‘tkazilgan uchrashuvda 120 dan ziyod yigit-qizlar ishtirok etib, 24 nafar yosh tomonidan 26 ta muammo va takliflar bildirildi.
- Uchrashuvda qishlog‘imiz yoshlarining kitobga bo‘lgan ehtiyoji masalasida murojaat qildim, - deydi Lalmikor mahallasida yashovchi Nodir Muxtorov. - Maktabimiz kutubxonasi zarur badiiy adabiyotlar bilan ta’minlanmagan. O‘zbekiston yoshlar ishlari agentligi rahbari Alisher Sa’dullayev maktabimiz kutubxonasiga 500 ta kitob keltirilishini va’da qildi.
Bundan tashqari, tumanning chekka qishloqlaridagi yana 2 ta maktabga mingta kitob sovg‘a qilinadigan bo‘ldi.