Chekka hududdagi nufuzli maktab bitiruvchilarining 94,5 foizi talaba

Paxtachi tumanidagi 29-maktab jamoasi “O‘qituvchilar va murabbiylar kuni”ni yuqori natijalar bilan qarshi olyapti. 2023-2024-o‘quv yilida maktabni 19 nafar bitiruvchi tamomlab, ularning 18 nafari davlat oliy ta’lim muassasalariga talabalikka qabul qilindi.

- Birgina bitiruvchimizning omadi kelmadi, - deydi maktab direktori O‘ktam Samanov. – Aslida uning ham bilimi yaxshi edi. Buni testda 116 ball to‘plaganidan bilsa bo‘ladi. Faqat u kirish ballari yuqori bo‘lgan nufuzli oliy ta’lim muassasalarini tanlagan edi. Uning maqsadi katta. 

Maktabda 32 turdagi fan va sport to‘garaklari faoliyat olib boradi. Shuning natijasi o‘laroq bitiruvchilarning oliy o‘quv yurtlariga kirish ko‘rsatkichi yildan yilga ortib boryapti.

2021-yilda bitiruvchilarimizning 29,4 foizi talaba bo‘lish baxtiga muyassar bo‘lgandi. 2022-yilda esa bu ko‘rsatkich 34,7 foizni tashkil etdi. 2023-yilda maktabni tamomlagan yigit-qizlarning 53,8 foizi davlat oliy ta’lim muassasalariga kirgan bo‘lsa, 2024-yilda bu ko‘rsatkich 94,5 foizga yetdi.

Bunda tajribali ustozlarning alohida o‘rni bor. Maktabda 500 nafar o‘quvchiga 38 nafar o‘qituvchi dars berib kelyapti. Ularning 9 nafari oliy toifali bo‘lsa, 7 nafari xalqaro va milliy sertifikatlarga ega.

- 15 yildan beri shu maktabda rus tili fanidan dars beraman, - deydi Nargiza Yorqulova. – Oliy toifaga hamda ikkita xalqaro sertifikatga egaman. Keyingi yillarda o‘z ustida ishlagan o‘qituvchilar qadrlanyapti. Oyligim 12 million so‘mdan ziyodroq. 

Bundan bir necha yil ilgari o‘qituvchi maoshi bilan ro‘zg‘or tebratish qiyin edi. Shuning uchun ham maktablarda erkak o‘qituvchilarning aksariyati bu ishni tashlab ketgan. 

- Yangi o‘quv yili boshlanishi bilan paxta dalasiga yo‘l olardik, - deydi maktabning nemis tili fani o‘qituvchisi Gulnora Sharipova. – Kechqurun maktabda o‘tkaziladigan yig‘ilishlarda qatnashardik. Bola tarbiyasi, uy ishlariga ham ulgurish kerak edi. Farzandlarning o‘qishi, kiyinishi uchun qo‘shimcha daromad topish maqsadida tun bo‘yi buyurtma asosida bichish-tikish, qandolatchilik mahsulotlarini tayyorlash bilan shug‘ullanardim. 

Ular deyarli bayram nimaligini bilmasdi. Kasb bayrami nishonlanadigan kun – 1-oktyabrda ham o‘qituvchilar paxta dalasida bo‘lardi. 

Noyabr oyining oxirigacha terimchilik bilan shug‘ullanardik. Ko‘klam kelishi bilan yana majburiy mehnat, hasharlar boshlanardi. Katta yo‘l bo‘yini tozalash, daraxt ekish, g‘allazorlarga mol oralamasligi uchun to‘siqlar qilish va boshqa shu kabi yumushlarda o‘qituvchilar "faol" edi. O‘quv yili dasturlari qisqartirilib, 3-4 oyda o‘tib bo‘linishi kerak edi. Bu holatda o‘quvchiga sifatli ta’lim berish mumkinmi? Shukurki, barcha qiyinchiliklar ortda qoldi. 

To‘lqin SIDDIQOV yozib oldim.

Baxtiyor MUSTANOV (foto).