Chernogoriya koronavirus ustidan g‘alaba qozonganini e’lon qildi
Mamlakatda koronavirus infeksiyasiga chalinganlar qolmadi. Bu haqda 25 may kuni mamlakat Prezidenti Milo Djukanovich ma’lum qildi.
Yakshanba kuni Chernogoriyaning jamoat sog‘lig‘i instituti so‘nggi 68 kundan buyon mamlakatda ilk marotaba koronavirus holati qayd etilmaganini ma’lum qildi. Tashkilot bergan ma’lumotga ko‘ra, mamlakat hududida kasallanganlarning deyarli barchasi to‘liq sog‘ayishga muvaffaq bo‘lgan.
“Chernogoriya koronavirusni yengdi. Kasallanganlar qolmadi. Eng qimmatli qadriyat – inson hayoti uchun kechgan buyuk jangning ushbu bosqichi omadli yakunlandi”, deya yozdi mamlakat rahbari o‘zining Tvitter sahifasida.
U bunday natijaga erishishga Cheronogoriya davlat tashkilotlarining va jamoatning yuqori mas’uliyatli yondashuvi sabab bo‘lganini alohida ta’kidlagan. Chernogoriya sog‘liqni saqlash vazirligi taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakat hududida jami 324 nafar odam koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan, to‘qqiz kishi vafot etgan va qolgan bemorlarning barchasi tuzalgan.