Chernogoriyaga borishda O‘zbekiston fuqarolaridan viza talab etilmaydi

Poytaxtimizda O‘zbekiston va Chernogoriya davlatlari turizm tadbirkorlarining ikki tomonlama ochiq muloqoti tashkil etildi.

Ta’kidlanishicha, 2022 yilda O‘zbekistonga tashrif buyurgan xorijiy turistlar soni 5,2 million nafarga yetib, turistik xizmatlar eksporti 1,6 milliard AQSh dollaridan oshgan. Joriy yilda ham Yevropadan O‘zbekistonga kirib keluvchi sayyohlar soni keskin ortishi kutilmoqda.

Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, 2023 yilning iyun oyidan boshlab O‘zbekiston va Chernogoriya o‘rtasida doimiy to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviareyslar qatnovi yo‘lga qo‘yilmoqda. Shuningdek, endi Chernogoriyaga borishda O‘zbekiston fuqarolaridan viza talab etilmaydi.

Ma’lumot uchun, joriy yilda O‘zbekistonga tashrif buyuruvchi xorijlik sayyohlar soni 7 milliondan ortishi kutilmoqda. Hozirgi vaqtda yurtimizda 5 mingga yaqin joylashtirish vositalari faoliyat ko‘rsatmoqda. Respublika bo‘yicha sayyohlarni qabul qiluvchi o‘rinlar soni 100 mingdan ortgan.