AQShga “taklifnoma” va’da qilib, yurtdoshlarini chuv tushirgan firibgarga jinoyat ishi ochildi
2019 yilning sentyabridan 28 oktyabriga qadar 25 yoshli, Shayxontohur tumanida yashovchi B.G‘. o‘zining tanishi 35 yoshli S.X.ning ishonchiga kirib, unga 5.000 AQSh dollari evaziga AQSh davlatiga borishga viza uchun taklifnoma qilib berishni va’da qilgan va uni aldab, 2.700 AQSh dollari miqdoridagi pullarni olib, bergan va’dasini bajarmasdan, pullarni o‘z ehtiyojlariga ishlatib yuborgan.
Shuningdek, B.G‘. jinoiy harakatlarini davom ettirib, 2019 yilning sentyabr oyidan 28 oktyabriga qadar 26 yoshli B.A.ning ishonchiga kirib, unga 5.000 AQSh dollari evaziga AQSh davlatiga borishga viza uchun taklifnoma qilib berishni va’da qilib, aldab, undan ham 2.050 AQSh dollari miqdoridagi pullarni olgan va va’dasini bajarmay, firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan pullarni o‘z ehtiyojlariga ishlatib yuborgan.
Holat yuzasidan Shayxontohur tumani 6-IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 1-qismi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamentining ma’lum qilishicha, dastlabki tergov jarayonida B.G‘. tomonidan yetkazilgan moddiy zarar 44.950.707 so‘mni tashkil qilganligi aniqlangan. Shundan, tergov jarayonida 946.300 so‘m qoplangan bo‘lib, B.G‘. ayblanuvchi tariqasida jalb qilinib, unga nisbatan “shaxsiy kafillik” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Jinoyat ishi bo‘yicha ayblov xulosasi tuzilib, tegishliligi bo‘yicha sudlovga oshirish masalasini ko‘rib chiqish uchun Shayxontohur tumani prokuraturasiga yuborilgan.