AQShga borishni rejalashtirayotgan O‘zbekiston fuqarolari uchun muhim talablar ma’lum qilindi

2021 yil 8 noyabrdan boshlab AQShga kiruvchi xorijiy mamlakatlar fuqarolari samolyotga chiqishlaridan oldin Covid-19 ga qarshi to‘liq emlanganini tasdiqlovchi hujjat taqdim etishlari shart. Bu haqda Amerika Qo‘shma Shtatlarining Toshkentdagi elchixonasi ma’lum qildi.

Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markaziga (CDC) ko‘ra, Oziq-ovqat va farmatsevtika idorasi (FDA) tomonidan tasdiqlangan yoki ruxsat etilgan, shuningdek, JSST tomonidan favqulodda vaziyatlarda foydalanish uchun ro‘yxatga olingan vaksinalar AQShga kirish uchun maqbul deb hisoblanadi.

Bu cheklovlar immigratsiya vizasi mavjud shaxslar, diplomatik va rasmiy kanallar orqali AQShga tashrif buyuradiganlar, 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarga taalluqli emas.