Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Chiroyli tabassum uchun asosiy mahsulotlar

 

Shifokorlar  jilolanib turuvchi oppoq tishlarni eng sog‘lom tish deyishadi. Tish emalining tabiiy jilosini saqlab qolish uchun quyidagi mahsulotlarni iste’mol qilishni tavsiya etishadi.

Olma, sabzi, bodring hamda lavlagi tishlar sog‘lomligini kafolatlaydi.

Ular tarkibidagi beta-karotin, V, D, E, K, S, RR darmondori guruhlari, kalsiy, kaliy, magniy, natriy, fosfor, yod, ftor, temir unsurlari milklarda qon aylanishini tartibga solib, tishlar salomatligini ta’minlaydi.

Yong‘oqlar
Yong‘oq tarkibida barcha muhim aminokislotalar, to‘yinmagan yog‘li kislotalar, A, B, C, D, E, P darmondorilari, shuningdek, ularning yuqori ozuqaviy qiymatini belgilaydigan kaliy, kalsiy, magniy, fosfor va boshqa mineral elementlar mavjud.

Kaju yong‘og‘i tish emalini kemiruvchi bakteriyalarni yo‘q qiladi. Antibakterial, antiseptik, tonik xususiyatlarga ega, tish og‘rig‘ini ham yengillashtiradi.

Ko‘katlar

Ko‘katlar tarkibida B, E, A, C, PP darmondorilari, kaliy, kalsiy, magniy, yod, natriy, fosfor, temir, beta-karotin va foliy kislotasi mavjud. Ko‘katlar nafaqat tishlarni, balki umumiy immunitetni mustahkamlaydi, qon tomirlarini mustahkamlashga yordam beradi va tish milklaridan qon ketishini bartaraf etadi. Petrushka va piyoz tabiiy antibakteriya vositasidir. Ularning sharbati tishlarning yetib borish qiyin bo‘lgan joylarga kiradi, tishlarni oqartiradi, milklarni mustahkamlaydi.

Pishloq, tvorog va yogurtlar

Kalsiy, kaliy, magniy moddalari A, V va D darmondorilari  bilan birga sut mahsulotlari ham tishlar uchun koni foyda. Yogurt og‘izda yoqimsiz hid chiqaradigan asosiy omil bo‘lgan vodorod sulfidi miqdorini kamaytiradi. Pishloq kariyesning oldini olishda samarali vosita. U tish emalidagi kalsiyni ko‘paytiradi. Kariyes va milk kasalliklari oldini oladi. Tvorog tarkibida sut kislotasi, temir va magniy mavjud.

Kalsiy va fosfor tuzlari suyak to‘qimasini shakllantirishda, asab tizimining oziqlanishida va qonda gemoglobin hosil bo‘lishida ishtirok etadi.

Tuxum (tovuq, bedana)

Tovuq tuxumida oqsillar, yog‘lar, uglevodlar, 12 ta muhim vitamin va deyarli barcha mikroyelementlar mavjud. Uning tarkibidagi D vitamini fosfor manbai bo‘lib, tishlar parchalanishining oldini olsa, qobig‘i esa kalsiyning ideal manbai. Ezilgan bedana tuxumi qobig‘ini iste’mol qilish orqali milklardagi qon ketishidan xalos bo‘lishingiz, tishlaringizni mustahkam va sog‘lom qilishingiz mumkin.

Sitrus mevalar


 Sitrus mevalarining xushbo‘y hidlari kayfiyatni ko‘tarib, uyquchanlikni kamaytiradi. Diqqatni va ish qobiliyatini oshiradi. Ular organizm va tishlar uchun foydali bo‘lgan kaliy, kalsiy, magniy, natriy, fosfor, temir, B, E, C, PP guruh darmondorilariga boy. Greypfrut milklarni mustahkamlaydi, og‘iz bo‘shlig‘i yallig‘lanish xavfini kamaytiradi.