COP14: Samarqand strategik rejasi qabul qilindi
Samarqanddagi kongress markazida BMTning Yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlash bo‘yicha Konvensiyasi (CMS COP14) ishtirokchilari konferensiyasi 14-yig‘ilishi yakunlandi.
Qariyb bir hafta davom etgan forumda mazkur konvensiyaga a’zo 130 dan ortiq davlat vakillari, vazirlar, BMT va boshqa xalqaro tuzilmalar rahbarlari, mahalliy va xorijlik ekspertlar ishtirok etdi.
Markaziy Osiyo davlatlari orasida birinchi marta O‘zbekiston mezbonligida o‘tkazilgan tadbirda ko‘chib yuruvchi hayvonlarni asrash, ularning ko‘payishi uchun shart-sharoit yaratishda dunyo davlatlarining roli muhokama etilishi barobarida ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Bu borada BMTning atrof-muhit bo‘yicha dasturi (UNEP), Global ekologik jamg‘arma, Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi va boshqa tashkilotlar, loyihalar faoliyati tahlil etilib, kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.
Umuman, hafta davomida yuzdan ortiq masalalar muhokama etildi.
Forum yakunlari bo‘yicha bir qator xalqaro hujjatlar qabul qilindi, mavjudlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Jumladan, qor qoplonini asrab-avaylash bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar ishlab chiqilib, Samarqand rezolyusiyasi qabul qilindi. O‘zbekiston va Qozog‘istonning manul mushugini ko‘chib yuruvchi turlarini saqlash to‘g‘risidagi konvensiyaning 2-ilovasiga kiritish taklifi qo‘llab-quvvatlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov raisligida o‘tgan CMS COP14ning yakuniy yalpi majlisida “Tabiat chegara bilmaydi” shiori ostidagi forum muvaffaqiyatli o‘tgani ta’kidlandi.
Ko‘chib yuruvchi hayvonlarni asrash bo‘yicha konvensiya ishtirokchilari konferensiyasi 14-yig‘ilishi davomida ko‘rib chiqilgan hujjatlar tasdiqlandi. Shuningdek, forum qo‘mitasi ko‘chib yuruvchi turlar bo‘yicha Samarqand strategik rejasini ko‘rib chiqdi va qabul qildi.
Tadbirlar doirasida Aziz Abduhakimov bir qator xalqaro tashkilotlar rahbarlari, xorijiy davlatlar delegatsiyalari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi. Hamkorlikni mustahkamlash yuzasidan muhim kelishuv va shartnomalar imzolandi.