Darslar ingliz tilida o‘tiladigan xalqaro universitetda ona tilimizga e’tibor qay darajada?

Bugun “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universitetida shu nomda tadbir tashkil etildi. Tadbirda universitetning internatsionalizatsiya va strategik rivojlanish ishlari bo‘yicha birinchi prorektori, professor Jo‘liboy Eltazarov so‘zga chiqib, o‘zbek tilining bugungi kundagi o‘rni, mavqei hamda shu paytgacha ona tilimiz taraqqiyotida erishilgan yutuqlar haqida to‘xtaldi.
Ayniqsa, o‘zbek tili va adabiyoti hamda ijtimoiy fanlar kafedrasi tashabbusi bilan universitet jamoasi tomonidan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Zikrilla Ne’matning “Aziz ona tilimsan” qasidasi asosida tayyorlangan videorolik tomoshabinlarda katta taassurot qodirdi.
Talabalar tomonidan mavzuga doir she’rlar o‘qildi. Ular o‘rtasida ona tilimizni qay darajada bilishini sinab ko‘rish maqsadida ayrim o‘zlashma so‘zlarning sof o‘zbekcha shaklini topishga qaratilgan interfaol o‘yin tashkil etildi.
- Universitetimizda turizm yo‘nalishida ta’lim berish bilan bir qatorda, chet tillar ham o‘rgatiladi, - deydi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i Nargiza Abduvohidova. – Muassasamizda darslar faqat ingliz tilida o‘tilsa-da, ona tilimizga bo‘lgan e’tibor kuchli. Buni bugungi o‘tkazilgan tadbir misolida ham ko‘rishimiz mumkin. Bu kabi tilimizni ulug‘lovchi tadbirlar, turli tanlovlar nafaqat bayram arafasida, balki yil davomida o‘tkazib kelinadi.
Shuningdek, tadbirda universitetning o‘zbek tili va adabiyoti hamda ijtimoiy fanlar kafedrasi tomonidan 21 oktyabr - O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun munosabati bilan universitet talabalari orasida 2020 yil 22 sentyabrdan to 2020 yil 19 oktyabrgacha davom etgan “O‘zbek tilim, hamisha ehtirom va sadoqatga munosibsan!” nomli videochellenj tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi.
Hakamlar hay’atining qaroriga ko‘ra, 219-guruh talabasi Mohidil Soliyeva Zulfiya Mo‘minovaning “BMTda yangrar Navoiy tili” she’riga tayyorlagan videoroligi uchun birinchi o‘rinni egalladi. 218-guruh talabasi Abdulla Saidov ikkinchi va 119-guruh talabasi Gulnoza Jiyanova uchinchi o‘ringa munosib deb topildi. G‘oliblar sertifikat va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
To‘lqin SIDDIQOV,
Baxtiyor MUSTANOV (foto).