Davlat o‘qituvchi sha’nini himoya qilishga mas’ul: Konstitutsiyaning o‘qituvchilar bilan bog‘liq moddasiga qisqa sharh
Tarixan ustozga bo‘lgan chuqur hurmat saqlanib qolgani bois xalqimizda o‘qituvchiga “Domla”, “Muallim”, “Ustoz” kabi ulug‘ nomlar bilan murojaat qilishgan. Umrini yoshlarga ta’lim berishga bag‘ishlagan o‘qituvchilar hamma joyda bir xil – oddiy va kamtar.
Shiddat bilan rivojlanib borayotgan zamonda yangi kasblar, yangi sohalar ko‘payib bormoqda. Ana shu barcha kasblar o‘qituvchilik negizida shakllanadi va taraqqiy etadi.
Hozirda maktabgacha ta’lim qamrovini kengaytirish, maktab ta’limini qo‘llab-quvvatlash, oliy ta’lim muassalalari faoliyatini erkinlashtirish va asosiysi o‘qituvchilar obro‘sini oshirish, ularni rag‘batlantirish bo‘yicha islohotlar olib borilmoqda.
Birinchi navbatda, o‘qituvchilarning majburiy mehnatga jalb qilinmasligi – bu katta siyosiy irodaning hosilasi, deb hisoblash mumkin. Ta’lim tashkilotining pedagog xodimini mehnatga biron-bir shaklda majburiy tarzda jalb etish ma’muriy va jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 52-moddasiga muvofiq o‘qituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sog‘lom, barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalash, xalqning ma’naviy va madaniy salohiyatini saqlash hamda boyitishning asosi sifatida e’tirof etiladi. Davlat o‘qituvchilarning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o‘sishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘qituvchilar bilan bog‘liq maxsus modda kiritilishi – jamiyatda ushbu kasb egalariga nisbatan yillar davomida shakllangan munosabatni ijobiy tomonga o‘zgartirish yo‘lida tashlangan juda muhim qadamdir.
Mazkur norma o‘qituvchilar sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligini, kasbiy mahoratining o‘sishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Yuqoridagi konstitutsiyaviy norma mamlakatimizda o‘qituvchining mehnatiga jamiyat va davlatni rivojlantirish, sog‘lom, barkamol avlodni tayyorlash hamda tarbiyalash, xalqning ma’naviy va madaniy salohiyatini oshirishning asosi sifatida qaraladi. Chunki muallim o‘z vazifasini ko‘ngildagidek uddalasa, ta’lim tizimida ijobiy o‘zgarishlar bo‘lishi, yurtimizda “Uchinchi Renessans” poydevorini barpo etish mumkin bo‘ladi. Konstitutsiya esa bularning barchasiga mustahkam qalqon bo‘lib xizmat qiladi.
PS:
Imkoniyatdan foydalanib, menga ilk xarf tanitgan va qo‘limga qalam tutgan birinchi muallimlarim D.Abdushukurova hamda N.Rahmatovaga, huquqshunoslik kasbiga qadam qo‘yishimga sababchi bo‘lgan tarix fani o‘qituvchisi B.Irzayevga, sohaning mashaqqatlarini yengib o‘tishga ko‘mak bergan marhum ustozlarim B.Mustafayev va G‘.Isayevga, o‘zlarining maslahatlari bilan doimo qo‘llab-quvvatlab turgan U.Bozorov, B.Mirboboyevga hamda eng asosiysi, o‘qituvchi degan sharafli kasb egasi, uzoq yillardan beri yoshlarga ta’lim berib kelayotgan otam – Abdumalik Majidovga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman va ularni kasb bayrami bo‘lmish, 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan chin dildan tabriklayman.
Shohrux MAJIDOV, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining katta eksperti.