Debatlarda partiya rahbarlarini ko‘ramizmi?
Saylovoldi jarayonlarining muhim bosqichi bo‘lgan debatlarga ham yaqin qoldi. Debatlar saylovlarning yakuniy natijalariga ta’sir etuvchi ilg‘or va muhim siyosiy usul hisoblanadi. Xalqimiz shu debatlarni ko‘rib jon kuydiradigan haqiqiy deputatiniyam, ichi "bo‘shroq" populistlariniyam tanib oladi. Shuning uchun debatlarni hamma partiyalar muhim deb bilishi kerak.
Masalan, Ekologik partiya raisi Abdushukur Xamzayev debatlarni “mardi-maydon” deb atapti. «Adolat» SDP Kengashi raisi Robaxon Maxmudova partiya debatlarga har jihatdan tayyorligini ta’kidlab, platforma saylovoldi dasturida ko‘tarilgan g‘oya va takliflarning qanchalik kerakli ekaniligini ochib beruvchi “ajoyib imkoniyat” sifatida ko‘rgan.
Xalq demokratik partiyasi yetakchisi Ulug‘bek Inoyatov “g‘oyalar to‘qnashuvi”ga o‘z so‘zini ayta oladigan, amaldagi tajribaga ega deputatlarni tayyorlash muhim deb hisoblaydi. Aktam Hayitov ishonch bilan “O‘zLiDeP “ debatlarga anchayin yaxshi tayyorgarlik ko‘rganini aytgan. Alisher Qodirov ham bo‘sh kelmasdan “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi ham g‘oyalari boshqalar taklif qilayotgan g‘oyalardan samaraliroq ekanligini ko‘rsatish uchun har qanday raqobatga tayyorligini ta’kidladi.
So‘zda hamma gap aytilib bo‘libdi chog‘i, endi navbat amalda ko‘rsatib, ochiq debatlarga kirishishga.