Dorinarxbot da barcha dori narxlarini topish mumkin

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va reklama faoliyatini  tartibga solish agentligi tomonidan dori-darmon narxlari bo‘yicha iste’molchilarga qulaylik yaratish maqsadida o‘tgan yilning noyabr oyida @dorinarx-bot tashkil etildi.

Mazkur bot ga 3 mingdan ortiq dori-darmon narxlari joylashtirildi. Har qanday iste’molchi mazkur tarmoq orqali o‘zini qiziqtirgan dori narxi to‘g‘risida ma’lumot olish imkoniyati yaratildi.

Hududiy tuzilma tomonidan 2020 yil davomida aholining huquqiy bilimi va iste’molchilik madaniyatini oshirish maqsadida viloyatdagi bir qator kollejlarda, o‘rta ta’lim maktablarida, aholiga kommunal xizmat ko‘rsatish takshilotlarida seminarlar, targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi. Aholiga chakana savdo va aloqa xizmatlarini ko‘rsatish yuzasidan 600 dan ortiq fuqarolar o‘rtasida ijtimoiy so‘rov o‘tkazildi.

“Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyati va “Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali tomonidan aholi xonadonlariga o‘rnatilayotgan zamonaviy hisoblagichlarni o‘rnatish jarayonida iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish maqsadida 169 ta xonadonda o‘rganish ishlari o‘tkazildi. Iste’molchilar xonadonlariga birinchi marotaba maishiy gaz balloni o‘rnatib, ishga tushirish xizmati narxi 112 ming 651 so‘m miqdorida tarif belgilanganligi ma’lum bo‘ldi. Biroq o‘rganishda “Jomboytumangaz” bo‘limi tomonidan iste’molchilarga maishiy gaz ballonlarni o‘rnatish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatilmasdan to‘lovlar undirilganligi qayd etildi va aniqlangan qonunbuzarliklar yuzasidan hududiy boshqarmaning maxsus komissiyasi tomonidan “Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filialiga O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunining 21-moddasi, 2-qismi talablarining buzilish holatini to‘xtatish va iste’molchilardan asossiz undirilgan 368 million 997 ming so‘m mablag‘larni iste’molchilarga qaytarish yuzasidan ko‘rsatma berildi.

Charos Yunusova,

Monopoliyaga karshi kurashish qo‘mitasi viloyat hududiy boshqarmasi bosh mutaxassisi.