Dunyo hunarmandlari Qo‘qonda jam bo‘ldi

Qo‘qon shahrida 10-15 sentyabr kunlari birinchi Xalqaro hunarmandchilik festivali o‘tkazildi.

Unda duyoning 78 mamlakatidan 300 nafardan ortiq, respublikamizning turli viloyatlari hamda chekka tumanlaridan 1100 nafar hunarmand qatnashdi.

Prezidentimiz festivalning ochilish marosimidagi nutqida ta’kidlaganidek, oddiy qora tuproqdan, bir bo‘lak temir yoki yog‘och parchasidan noyob va go‘zal buyumlar yaratib, ularga “jonu til” bag‘ishlagan iste’dodli hunarmandlardir. Ular yasagan mahsulotlarni kuzatar ekansiz, nafaqat mashaqqatli qo‘l mehnati, balki qalb harorati borligining guvohi bo‘lasiz. Asosiysi, qadim an’analarimizni o‘zida mujassam etgan hunarmandlarimiz ishlari dunyo hunarmandlarini ham lol qoldirdi.

Viloyatimizdan 90 nafar hunarmand 27 turdagi mahsulotlari bilan festivalda munosib ishtirok etdi. Samarqandning o‘ziga xos kandakorlik, yog‘och o‘ymakorligi, kashtachilik, do‘ppido‘zlik, quroqchilik, miniatyura, kulolchilik kabi hunar turlariga xorijlik mehmonlar tomonidan ham katta qiziqish bildirildi.

Jahon hunarmandlar kengashining Osiyo – Tinch okeani mintaqasi prezidenti Gada Hijobiy Qaddumiy xonim usta Mansur Asadov tomonidan ishlangan ayvon, xontaxta, eshik kabi yog‘och o‘ymakorligi mahsulotlarini ko‘rib, hayratini yashirolmadi.

Oddiy taxtaga «til kirgizgan» yog‘och o‘ymakorining ishi, san’ati uni lol qoldirdi.

Darvoqe, festival yakunida yog‘och o‘ymakori Mansur Asadov bu kabi betakror ishlari uchun «Eng yaxshi hunarmandchilik maktabi ustasi» nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib deb topildi.

Festivalda viloyatimiz madaniyat xodimlari, xususan, Urgutning “Beshqarsak” folklor-etnografik jamoasi hunarmandchilik mahsulotlari haqida termalar, xalq qo‘shiqlari ijro etdi. Viloyat musiqali drama teatri aktyorlari tomonidan tarixiy shaxslar siymosi gavdalantirildi.

Ikki yilda bir bor o‘tkaziladigan mazkur festivalda hunarmandlarimiz o‘rgandi va o‘rgatdi. Asosiysi, bugun yaratuvchi insonlarga e’tibor berildi. Bu esa ularga qanot bag‘ishlab, yangi g‘oyalar ustida ishlashga, hunarmandchilikni rivojlantirishga zamin yaratadi.

Umid HAKIMOV,

respublika “Hunarmand” uyushmasi Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i.