“Beshqarsak” Qo‘qonda Urgut kashtasi, savati, qamchisi va lalisi haqida termalar ijro etdi
Qo‘qonda o‘tkazilayotgan Xalqaro hunarmandchilik festivalida viloyatimiz hunarmandlari o‘zining mahsulotlari bilan ishtirok etayotgan bo‘lsa, folklor-etnografik jamoalar va iste’dodli san’atkorlarimiz qadim an’analarimizni o‘zida aks ettirgan kuy-qo‘shiqlar bilan tomoshabinlarning e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda.
- Festivalda Urgutning “Beshqarsak” folklor-etnografik jamoasi uchun hunarmandchilik mashulotlari paydo bo‘lishi va ulardan ro‘zg‘orda foydalanish haqida so‘zlovchi maxsus dastur tuzildi, - deydi viloyat madaniyat boshqarmasi boshlig‘i Xo‘jaqul Muhammadiyev. – Unda Urgut kashtasi, savatsoz, qamchisoz, lali kabi buyumlar haqida termalar hamda hushtak, chanqovuz, hoji tam-tam, qoshiq kabi ohanglar badiiy jamoaning iste’dodli, havaskor ijodkorlari tomonidan namoyish etilmoqda. Shuningdek, dasturdan Samarqand, Urgut bozori haqida ham termalar joy olgan. Asosiy maqsadimiz festival ishtirokchilariga Samarqandning qadim an’ana va qadriyatlari, milliy hunarmandchiligini namoyish etish.
Viloyat musiqali drama teatri aktyorlari tomonidan tarixiy siymolarimiz gavdalantirildi. Jumladan mehmonlarga Amir Temur va Bibixonimning hunarmandchilikni rivojlantirish, bozorlarda hunarmandchilik mahsulotlarining sotilishi, ularga boshqa davlatlarning qiziqishi tasvirlangan sahna tomoshalari festival mehmonlariga havola etildi.