Qo‘qonda norozilik bildirib, yo‘lni to‘sgan ayollar masalasi o‘rganildi
Qo‘qonda gaz va elektr ta’minotidagi uzilishlardan norozi ayollar shahar hokimligi oldidagi yo‘lni to‘sdi. Holat tasvirlangan videolar ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.
Ushbu holat yuzasidan Qo‘qon shahar hokimligi matbuot xizmati rasmiy bayonot berdi.
Ma’lum qilinishicha, Qo‘qon shahar hokimligiga 5-Vaqf chorsu mahallasidan tabiiy gaz ta’minoti bo‘yicha murojaat bilan kelgan fuqarolarning masalasi Qo‘qon shahar hokimi boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan joyiga borib o‘rganilgan.
Fuqarolarga Qo‘qon shahri aholisini, shu jumladan, 5-"Vaqf chorsu" hududida yashaydigan fuqarolarning xonadonlarida tabiiy gaz ta’minotini yaxshilash maqsadida yangi gaz taqsimlash stansiyasi barpo etilayotgani va yil ohirigacha foydalanishga topshirilishi tushuntirildi.
Tez kunlarda ishga tushadigan yangi GTS yuqori bosimli quvurdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tabiiy gaz qabul qilish imkonini beradi. Natijada 5-Vaqf chorsu mahallasida tabiiy gaz ta’minoti yaxshilanadi.
Mahalla fuqarolari xonadonlarini isitish uchun arzon narxlarda ko‘mir va xo‘jalik yumushlari uchun suyultirilgan gaz yetkazib berilmoqda. Bu ishlarning olib borilishi alohida nazoratga olingan.