«Qo‘qon-Toshkent» yo‘nalishida qatnovchi haydovchining jasadi topildi
Bir necha kundan buyon ijtimoiy tarmoqlarda «Qo‘qon-Toshkent» yo‘nalishida qatnovchi haydovchi bedarak yo‘qolgani va oradan vaqt o‘tib, uning jasadi Ohangaron tumanidan topilgani haqida xabarlar tarqaldi.
Ushbu holat yuzasidan Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinovning ma’lum qilishicha, 2020 yil 6 yanvar kuni Farg‘ona viloyati, Dang‘ara tumanida istiqomat qiluvchi B.Davidova Ohangaron tumani prokuraturasiga ariza bilan murojaat qilib, unda 1962 yilda tug‘ilgan turmush o‘rtog‘i K.Yuldashev 2020 yil 5 yanvar kuni tushdan keyin oq rangli «Kobalt» rusumli (davlat raqami 40Z 075RA) avtomashinasida «Qo‘qon-Toshkent» yo‘nalishi bo‘ylab kira qilish maqsadida uyidan chiqib, shu bo‘yicha qaytmaganini bildirgan va uni topishda amaliy yordam berishni so‘ragan.
Tergovga qadar tekshiruv davomida bedarak yo‘qolgan K.Yuldashev 2020 yil 5 yanvar kuni soat 23:00 larda Toshkent shahar, Bektemir tumanidagi «Vodiy» avtobekatidan Dang‘araga qaytish uchun yo‘lga chiqqani, soat 23:52 da esa uyali telefoni orqali qizi bilan gaplashib, Ohangarondan Beshariq tumaniga yo‘lovchi olib qaytayotganligini ma’lum qilgani aniqlandi. Shundan keyin uning telefoni o‘chirilib, uyiga yetib bormagan.
Olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida 2020 yil 7 yanvar kuni soat 18:00 larda K.Yuldashev boshqaruvidagi «Kobalt» avtomashinasi Ohangaron shahar Yangiobod mahallasidan topildi.
Hodisa joyi va avtomashina ko‘zdan kechirilib (avtomashina saloni va yukxonasidan), qonga o‘xshash qizg‘ish dog‘lardan namunalar va o‘rindiq jildlari ashyoviy dalil tariqasida olingan.
Ushbu holat yuzasidan 2020 yil 7 yanvar kuni Ohangaron shahar prokuraturasi tomonidan JKning 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 2-qismi «i» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari viloyat prokuraturasi tomonidan olib borilmoqda.
Jinoyat ishi yuzasidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari jarayonida K.Yuldashevning murdasi (2020 yil 8 yanvar kuni) uning avtomashinasi topilgan joydan 18 kilometr uzoqlikda, ya’ni Ohangaron tumani, Telov mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi «Angren» daryosi ustidan o‘tuvchi «Nurobod-Telov» avtomobil yo‘lidagi ko‘prikdan o‘ng tomonda, daryo o‘zani chap tomonidagi chakalakzordan topilgan. Murda yalong‘och holatda bo‘lib, badanining oldi tarafiga 7 marotaba, orqa tomoniga 7 marotaba o‘tkir tig‘li jism bilan yetkazilgan tan jarohatlari borligi aniqlangan.
Sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki xulosasida K.Yuldashevning o‘limi qo‘shma jarohat: bosh miya yopiq jarohati, ko‘krak old-orqa va yonbosh, qorin sohalarida ko‘plab sanchilib kesilgan jarohatlari oqibatida kelib chiqqan tashqi va ichki qon ketishi natijasida yuzaga kelganligi ko‘rsatilgan.
Hozirda jinoyatni fosh etish choralari ko‘rilmoqda.
Jinoyat ishi Bosh prokuratura nazoratida.