Dunyo yoshlari Samarqandda yig‘ildi

Avval xabar qilganimizdek, 26-30  iyun kunlari O‘zbekistonda birinchi marta “Butunjahon yoshlar festivali” doirasidagi tadbirlar Samarqand shahrida ham o‘tkazilmoqda.

92 davlatdan 700 nafardan ziyod yoshlar ishtirok etayotgan ushbu tadbir 15 ta loyihani o‘z ichiga qamrab olgan. Har bir davlat yoshlari o‘z g‘oyalarini o‘rtaga tashlaydi.

Ayni paytda Xalqaro turizm markazida mazkur festival doirasida “Ommalashtirishga arzigulik g‘oyalarni kashf eting!” mavzusida yuzma-yuz uchrashuvlar, davra suhbatlari bo‘lib o‘tyapti.

- Tadbirda dunyo yoshlari qatorida ishtirok etayotganimdan xursandman, - deydi qozog‘istonlik Yekaterina To‘xtarova. - “Mehribonlik” ko‘ngillilar jamiyati vakiliman. Tashkilotimiz 20 yildan beri faoliyat yuritib keladi va  imkoniyati cheklangan shaxslarga turli shakllarda yordam beradi, shuningdek, sport va ijodiy to‘garaklar faoliyatini olib boradi. Festivaldan yangi do‘stlar orttirishni, ular bilan g‘oya almashishni maqsad qilganmiz. Men bilan birgalikda Qozog‘istonning 50 nafar yoshlar vakillari Samarqandga keldi, ularning har biri jamiyatning u yoki bu yo‘nalishi rivojiga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda.

Festivalda ta’lim, innovatsiya, IT, biznes, media, madaniyat, san’at, sport kabi yo‘nalishlarda nufuzli spikerlar qatnashishi rejalashtirilgan.

Festivalning ochilish marosimi bugun 26 iyun kuni Samarqand shahridagi “Boqiy shahar” majmuasi hududidagi amfiteatrda 1,5 ming nafar yoshlar ishtirokida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Uning doirasidagi tadbirlar Samarqand, Buxoro, Jizzax, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahrida bir vaqtda o‘tkaziladi.