Dunyodagi eng tor davlat. U yerda odamlar qanday yashaydi?
Katta, kichik va hatto mitti davlatlar ham bor. Ular to‘g‘risida deyarli hamma biladi yoki hech bo‘lmaganda eshitgan. Ammo dunyodagi eng tor mamlakat haqida ko‘pchilik bilmaydi. Bu qanday mamlakat? U qayerda joylashgan?
Dunyodagi eng tor davlat Polineziyadagi Tuvalu mamlakati hisoblanadi. U Tinch okeanida ekvatordan janubda joylashgan 26 kvadrat kilometr maydonni egallaydi va o‘zida atollar (xalqa shaklidagi marjonlar oroli) va kichik orollarni mujassamlashtirgan. Orollar bir-biridan juda uzoqda joylashganiga qaramay, ko‘p yillar davomida mahalliy aholi bu yerlarni o‘zlashtirib, yashab ketgan.
Tuvalu aholisining eng katta qismi maydoni taxminan 5 kvadrat kilometrni tashkil qiladigan markaziy Vaitupu orolida yashaydi. Mamlakatdagi eng kichik orol – Niulakita esa 420 kvadrat metr maydonga ega.
Tuvalu poytaxti Funafuti shahri alohida orolda joylashgan va unda 5 ming kishi istiqomat qiladi. Bu yerda sanoat korxonalaridan faqat sovun va to‘qimachilik fabrikasi mavjud. Eng yirik binolari – hukumat uyi, aeroport, milliy bank, politsiya bo‘limi, mehmonxona va supermarketdir. Shuningdek, hunarmandchilik markazi va kitob do‘koni faoliyat ko‘rsatadi.
Mamlakatda tog‘lar va tekisliklar yo‘qligi sababli fuqarolar har kuni toza plyajlarda dam olish imkoniyatiga ega.
Orol davlatda yashashning salbiy tomoni ham bor. U yerda toshqin kabi kataklizmlar tez-tez sodir bo‘lib turadi.
Tuvalu kichik davlat bo‘lishiga qaramay, xalqaro siyosiy munosabatlarning to‘la huquqli ishtirokchisi sifatida BMT a’zosi hisoblanadi. Ushbu orol davlatidan hatto Olimpiada o‘yinlarida ham sportchilar qatnashadilar.
Mamlakatning milliy valyutasi – Avstraliya dollariga teng bo‘lgan Tuvalu dollari – metall tangalar faqat ichki muomalada qo‘llaniladi. Pullarning unchalik qulay bo‘lmagan shakli tufayli mahalliy aholi ko‘pincha boshqa valyutalardan, xususan, Avstraliya dollaridan foydalanadi.
Milliy taomlar turli xil dengiz mahsulotlari va tropik mevalarga asoslangan bo‘lib, qichqichbaqalar, toshbaqalar, baliq va omarlardan ziravorlar qo‘shilgan mazali taomlar tayyorlanadi. Mahalliy vino esa sayyohlar va mahalliy aholi orasida juda mashhur.
Mamlakatda eng rivojlangan soha turizm hokimiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi. Bu soha aholiga asosiy daromad keltirganligi sababli bu yerga tashrif buyuradigan ko‘plab sayyohlar bajonidil kutib olinadi.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.