Dunyoni chiroyli liboslarda ko‘radigan qiz

Tikuvchi, ikkinchi guruh nogironi Malohat Berdiyeva haqida so‘z

Yosh eru xotinga shu ism ma’qul keldi. Qizalog‘ini Malohat deb atadilar. Birinchi farzandining kulishlari, yoqimli qiliqlari ularni behad suyuntirar, uylariga fayz kiritar, o‘zlarining ushalmagan orzularini shu qizimiz amalga oshiradi, deb shirin xayollar surishardi.

Otasi Mamarasul Berdiyev traktor haydardi, to‘rt mavsum ham ishi tugamaydigan paxta dalalaridan chiqmasdi. Onasi Saodat ham xo‘jalikda ishlaydi. Hamma o‘z ishi bilan band, ammo kunlar, oylar, yillar o‘tgan sayin, Malohatning o‘sishida muammolar sezila boshladi. Tengdoshlaridan bo‘yi farq qilardi. Shifokorlar bu kasallikni davolash kerakligini, tez-tez Toshkentga borib, yetuk mutaxassislardan muolaja olishni tavsiya qilishdi. Toshkentdagi do‘xtirlar kasallikning sababini ham aniq aytishdi. Paxtaga sepiladigan o‘ta zaharli dorining ta’siri ekan bu. Mamarasul traktorida paxtazor oralab, o‘sha og‘uni gektarlab dalalarga sepgan. Hamma qatori arzimas ish haqi olgan...  

Toshkentga hadeb qatnayverish, qimmatbaho dori-darmonlar sotib olish kerak edi. Nima bo‘lsa ham, Malohatni davolatish kerak edi. Toshkentdan uy topish ham, ijara haqi ham oddiy kolxozchilarga qimmatlik qilardi. Har holda Toshkentga yaqinroq, deb Jizzaxga ko‘chib borishga qaror qilishdi. Bilimdon shifokorlar albatta Malohatni davolashadi, qolgan barcha qiyinchiliklarga chidaymiz, deb qaror qilishdi.

O‘sha paytda Malohat to‘qqiz yoshda edi. Umid va iltijolarga to‘la to‘qqiz yil juda tez o‘tib ketdi, biroq hech nima o‘zgarmadi. Malohat o‘n sakkiz yoshga to‘lgan bo‘lsa ham, bo‘yi, jussasi to‘rt besh yoshli qizaloqlarnikidek edi. Toshkentga yaqin borish ham natija bermagach, yana o‘zlarining yurti – Ishtixon tumani, Chag‘atoy mahallasidagi Nog‘olchi qishlog‘iga qaytib kelishdi.

Malohat maktab yoshiga yetganida, otasi qishlog‘idagi maktabga olib bordi. Qizchani ko‘rgan maktab direktori, qabul qilmadi, maxsus maktabga topshiring, dedi. Ikkita maktab internatni tavsiya qilishdi. Qizini oilasidan uzoqqa yuborgisi kelmadi, o‘zim o‘qitaman, dedi otasi.

Har kuni sumka ko‘tarib, maktabga ketayotgan tengdoshlarini derazadan, eshikdan kuzatayotgan qiz o‘ksinar, ko‘zlari yoshga to‘lardi. Tushlariga maktab kirardi...  Uyda onasi “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasini, otasi “Fan va turmush” jurnalini o‘qib berardi. 

- Ona, biror joyini qoldirmadingizmi, qo‘l bilan ko‘rsatib o‘qing, derdi. Mana bu yerga nima yozilgan?

- Manzili, adadi, muharriri yozilgan.

- Uniyam o‘qing, - derdi, Malohat. Qog‘ozlarda mo‘’jiza borligiga ishonardi. 

Singillari maktabga borgach, uyga keliboq, qaysi fandan nimani o‘rgangan bo‘lsa, opasi Malohatga hisobot berardi. Izlanuvchan, tirishqoq qiz shu tarzda savodini ham chiqarib oldi va endi pochtadan keladigan gazeta, jurnallarni bitta qoldirmay, o‘qib chiqadigan bo‘ldi. Maktab kutubxonasidan faqat bitta kitob berarkan, kichkina kitoblarni tezda o‘qib tugatgach, bu gal semizrog‘idan olib kelinglar, derdi. Otasi tuman markazidagi kitob magazinidan kitob opkelardi-da, o‘qib, mazmunini aytib berganga besh so‘m pul mukofoti berardi. Albatta, mukofot Malohatga nasib etardi. U mukofot pulini otasiga qaytarib, berib, yana yangi kitoblar olib kelishini so‘rardi.

U kitoblardagi ijobiy qahramonlarga ishonardi. Kun kelib, o‘zining qo‘lidan ham ish kelishiga, odamlarning hojatini chiqara olishiga ishonardi. Onasining ko‘rpalarini so‘tib, mahallasining qizlariga chiroyli fartuklar tikib berardi. Onasidan gap ham eshitardi. Tikuv mashinasi, yangi matolari bo‘lishini orzu qilardi, hammaga chiroyli kiyimlar tikib bergisi kelardi. Negaki, o‘qigan kitoblari uni go‘zal orzular olamiga olib kelardi. Uchmoq uchun qanotlar va’da qilardi, yuragiga shiddat, vujudiga kuch berardi. Eng muhimi, kitoblar uni bo‘ying past, deb kamsitmasdi. Xuddi tengdoshi kabi do‘st, sirdosh, onasi kabi mehribon bo‘lib suhbatlashardi. Kitob o‘qiganda qayg‘ularini, o‘kinishlarini, o‘zini o‘ksitganlarni unutardi. Hamma qatori insonga aylanardi, kitoblardan kuch olardi. She’rlar o‘qib, zavqlanardi:

Biz bilmagan jumboqlarga duch qilar hayot,

Orzularni sarob misol puch qilar hayot.

Jumboqlarni, saroblarni yengib yashagan

Odamlarga kurashmoqqa kuch berar hayot, desalar ishonardi.

Malohat tikuvchilikni o‘rgandi. Bo‘yi yetmagan joylarga aqli yetdi. O‘lcham olishga qiynalgan chog‘larda chora topdi. Bo‘ylari uzun, suluv sanamlarni suyuntiradigan kiyimlar tikdi. Tikuv mashinasiga zo‘rg‘a bo‘yi yetgani sabab, stulga o‘tirib tikish qilolmasa ham, tik turib kiyimlar tikdi. Mehnatim og‘ir deb nolimadi, ishi borligiga, odamlarga foydasi tegayotganiga shukur qildi.

Ikki yil avval, tashkilotchi, tadbirkor ayol Gulobod Nomozovaning “Nogiron ayollar” uyushmasini tuzganini eshitib, Samarqand shahriga keldi. Gulobod bag‘rikeng, mehribon ayol ekan, o‘zi kabi kitoblarga ko‘ngil qo‘ygan inson, ajoyib she’rlar ijodkori ham ekan. U Malohatni yaxshilab tingladi. Malohat uyda o‘tirib, buyurtmalar olsa ham bo‘lardi, ammo jamoat bo‘lib ishlashni, ishi bor odamlar safida bo‘lishni bir umr istaganini aytib berdi. Maktab direktori, kichkinasan, deb, o‘qishga qabul qilmaganini ham aytdi. Gulobod uni tushundi va nogiron ayollar uchun ochilgan ishxonaga taklif qildi. Malohat o‘zi kabi qizlar safida mehnat qilmoqda, ularning ichida obro‘si bor, buning ustiga korxonaning eng chevar tikuvchisi, buyurtmalari ko‘pligidan, xushmuomalaligidan unga navbatlar uzun.

Ota-onasidan tez-tez xabar olib turadi. Oilasidagi hamma ma’rakalarga bosh-qosh. Ikki uka va uchala singillari uning maslahatini olishadi, gapidan chiqmaydi, ishlab topganining barakasi bor, asosiysi, hech kimga muhtoj emas. 

Yaqinda “katta”ning qabuliga bordi. Saxovatpeshaligini, yordamini ayamasligini eshitib, bilib bordi. Kam ta’minlanganlar uchun qurilayotgan uy olmoqchiman, dedi. “Katta” unga yordam berish niyatida, men sizni “Saxovat uyi”ga joylab qo‘yaman, dedi.

Malohatning ko‘zlaridan yosh tirqirab ketdi. Butun umr (yoshi ellikda) hamma qatori yashashga, ishlashga harakat qilganlari, nogironligini yengishga harakat qilganlari qayoqqa ketdi? Hali pensiya yoshida emas-ku, ishlab turibdi-ku. Balki ko‘ngli butunlar “Saxovat  uyi”ga bormayman, deb, kulib qo‘ya qolar. Ammo ko‘ngli yarim bo‘lsa ham, orzulari butun ayolni bu so‘zlar yig‘latdi. Mustaqil yashamoqchi edi. Ozroq qo‘llab yuborishsa, topganlarini qo‘shib, o‘z uyiga ega bo‘lmoqchi edi.

Malohat faqat ko‘ylaklar emas, ustki kiyimlar ham tikadi. Urfga kirgan kiyimlarning hammasini tikishga harakat qiladi. Boshda aytganimizdek, tik turib ishlaydi. Orzulariga yetmay, qo‘ymadi. Dunyoni chiroyli liboslarda ko‘rgisi keladi. Dunyo buncha chiroyli, deydi.

Malohat bilan suhbatlashar ekanman, uning jasoratiga, hayotga bo‘lgan muhabbatiga, o‘z kasbiga qiziqishiga, yangi-yangi rejalar tuzishiga hayron qoldim. Hayotdan nolib yurgan to‘rt muchasi sog‘larga uning hayotini ibrat qilib ko‘rsatgim keldi. Ko‘ngil toza, orzularga to‘la bo‘lsa, bilaklaringga kuch inar ekan, bo‘ylaringga bo‘y qo‘shilar ekan. Hasratlarga yengilganlarga Malohat o‘z falsafasini aytgisi keladi:

O, nega dunyodan noliymiz, goho,

Ming shodlik ichra bir cheksak sal jafo.

Kunduzdan noliymiz, tundan noliymiz,

Aslida dunyomas, bizlar bevafo.

Xosiyat Bobomurodova.