DXX 600 ming dollarning chetga chiqib ketishini to‘xtatib qoldi

Davlat xavfsizlik xizmati Namangan viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan valyuta qimmatliklarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish tadbiri davomida “Namangan – Kosonsoy” yo‘nalishida harakatlanayotgan 40 yoshli Ne’matullo Vohidov boshqaruvidagi “Kaptiva” rusumli avtomashina Gurmiron mahalla fuqarolar yig‘ini hududida to‘xtatildi. Avtomobil xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda uning salon qismida 605 ming 136 AQSh dollari borligi ma’lum bo‘ldi.

Aniqlanishicha, muqaddam sudlangan Ne’matullo Vohidov Toshkent shahri va Namangan viloyatida istiqomat qiluvchi fuqarolardan olgan ushbu xorijiy valyutalarni ma’lum miqdordagi foiz hisobida haq olish evaziga Kosonsoy tumanidagi aylanma yo‘llar orqali bojxona nazoratini chetlab o‘tib, Qirg‘iziston Respublikasida yashovchi Ilyos ismli shaxsga yetkazib berishi kerak bo‘lgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan DXX Namangan viloyati boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli moddasiga muvofiq jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ushbu ishga aloqador boshqa shaxslarni aniqlash bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.