Samarqandda 1 million dollarga radioaktiv va zaharli qurilmalarni sotmoqchi bo‘lgan jinoiy guruh ushlandi
DXX Samarqand viloyati boshqarmasi hamda viloyat IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda viloyat hududida radioaktiv va zaharli qurilmalarni sotish bilan shug‘ullanib kelayotgan shaxslar qo‘lga olindi.
Andijon viloyatida tug‘ilgan, muqaddam Jinoyat kodeksining bir necha moddalari bilan sudlangan fuqaro M.S., sherigi R.S., Samarqand shahrida yashovchi fuqaro J.O. o‘zaro til biriktirgan holda jinoiy guruh tuzib, mo‘may daromad topishni rejalashtirgan.
Ma’lum bo‘lishicha, fuqaro R.S. jinoiy sherigi M.S.ning taklifiga ko‘ra, Andijon viloyatidagi tanishidan, go‘yoki harbiy maqsadda foydalaniladigan radioaktiv va zaharli qurilmalarni Samarqand shahriga olib kelib, ishonchli xaridor topilguniga qadar Samarqand shahridagi mehmonxonalardan birida yashab kelgan.
Keyinchalik, M.S. Samarqand shahridagi tanishi J.O. orqali mazkur moslamalarni umumiy hisobda 1 million AQSh dollari evaziga mahalliy fuqaroga sotishga kelishib, oldindan 200 000 AQSh dollari talab qilgan.
Natijada, mazkur shaxslar ichida 1 kg. “simob” kimyoviy moddasi mavjud bo‘lgan qo‘lbola usuldagi qurilmani 200 000 AQSh dollari evaziga mahalliy fuqaroga sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan JKning tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilishi rejalashtirilib, tergovga qadar surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.