DXX va Bosh prokuraturaga energetika tizimida korrupsiyani yo‘q qilish bo‘yicha alohida choralar ko‘rish topshirildi
Prezident ishtirokidagi yig‘ilishda bugungi kundagi muammolarda tizimsiz ishlash, energoresurslarni talon-toroj qilish holatlari ham sabab bo‘layotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Xususan, o‘tgan bir oyda elektrga 5 mingta, gazga 4,5 mingta noqonuniy ulanishlar aniqlangan.
"Elektr va gaz tarmoqlarida talon-torojlik bo‘lganini, tuman hokimlari va sektor rahbarlari, elektr va gaz idoralari boshliqlari bilmasmi-di?", - deya savol qo‘ydi davlat rahbari.
Oxirgi oylarning o‘zida neftegaz va energiya nazorati tizimlarida 192 ta korrupsiya holatlari aniqlangani ham tizim ichidan yemirilganidan dalolat beradi.
DXX va Bosh prokuraturaga tizimdagi korrupsiyani yo‘q qilish bo‘yicha alohida choralar ko‘rish topshirildi.
Prezident energetika va kommunal tizimlarda yuzaga kelgan ahvolni inobatga olib Singapurga tashrif davomiyligi 3 kundan 1 kunga qisqartirilishini ta’kidladi.
Ushbu mamlakatning korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi qimmatli tajribasini o‘rganish lozimligi, qolaversa, ushbu davlatdan 4,7 milliard dollargacha qo‘shimcha investitsiya jalb qilish rejalashtirilgani uchun ham bu tashrif muhim ahamiyatga ega. Xususan, samarasiz ishlayotgan davlat korxonalarini xususiylashtirishga ham investitsiyalar jalb qilinadi.