Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Futbol va erkin kurash bo‘yicha DXX kubogining keyingi bosqich g‘oliblari aniqlandi

Samarqandda futbol va mini-futbol bo‘yicha “Davlat xavfsizlik xizmati kubogi” musobaqasining shahar va tuman bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Musobaqaning Samarqand shahar bosqichida 4 ta sektordagi mahallalar jamoalari g‘oliblik uchun kurashdi.
Kubok o‘yinlarining Samarqand shahar bosqichida Maqsud Shayxzoda va Ahmad Yassaviy mahallalari yoshlari birinchilik uchun maydonga chiqdi. Qiziqarli kechgan uchrashuvda Ahmad Yassaviy mahallasi yoshlari penaltilar seriyasida g‘alaba qozonib, birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rin Maqsud Shayxzoda mahallasi yoshlariga nasib etgan bo‘lsa, uchinchi o‘rinni Gala Osiyo mahallasi futbolchilari egalladi.

Shuningdek, "Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!" shiori ostidagi harbiy vatanparvarlik tadbiri doirasida mini-futbol bo‘yicha “Davlat xavfsizlik xizmati kubogi” musobaqasining o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi bahsida birinchi o‘rinni O‘rta Xo‘jasoat mahallasi yoshlari qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rin Yoshlar mahallasi futbolchilariga, uchinchi o‘rin esa Madaniyat mahallasi jamoasiga nasib etdi.
Qizlar o‘rtasidagi mini-futbol bellashuvlarida birinchi o‘rinni “Shodiyona” mahallasi jamoasi band qildi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni Hofiz Sheroziy hamda Shukrona mahallasi futbolchi qizlari egalladi.
G‘oliblar musobaqaning viloyat bosqichida ishtirok etadi.

***

“Davlat xavfsizlik xizmati kubogi” doirasida erkin kurash bo‘yicha erkaklar o‘rtasida ikkinchi hudud bosqichi musobaqasi o‘tkazildi.
Unda davlat xavfsizlik xizmati Samarqand, Jizzax va Sirdaryo viloyati boshqarmalari harbiy xizmatchilari 6 ta vazn toifasida o‘zaro bel olishdi.
Gilamdagi har bir kurash qiziqarli, murosasiz bahslarga boy bo‘ldi. Bellashuvlarni yengil vazndagi polvonlar boshlab berdi. 57 kilogram vazn toifasida Sherdorbek Tangirov, 65 kilogramda Otabek Boyqulov, 74 kilogramda Bunyod Tursunov, 86 kilogramda Doston Xoliqulov, 97 kilogramda Nazarbek Ramazonov, eng og‘ir vazn 125 kilogramda Sanjar Ne’matov birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Endi g‘oliblar "Davlat xavfsizlik xizmati raisi kubogi" musobaqasining respublika final bosqichida ishtirok etadi.