Hokim va boshqa mutasaddilarga uyma-uy yurib, aholidan xabar olishlari kerakligi aytildi
Shuningdek, hokimlar, sektor rahbarlari, mahalla raislari, hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari va xotin-qizlar faollari uyma-uy yurib, aholidan xabar olishlari kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
“Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasidan yolg‘iz qariyalar, ko‘p farzandli ehtiyojmand oilalarga issiq kiyim, oziq-ovqat tarqatish, eng og‘ir hollarda ularni sharoiti bor joylarga joylashtirish, mahallalarda issiq ovqat tarqatish punktlarini tashkil etish topshirildi.
Har bir dehqon bozorida sharoitlarni yaxshilash va narx-navo tartibga solish, yirik korxonalar, ijtimoiy ob’yektlar rahbarlari xodimlarini uyushgan holda ishga olib kelishga avtobus qatnovlarini tashkil etish vazifasi qo‘yildi.
Yong‘inni oldini olish bo‘yicha amaliy va tushuntirish ishlarini kuchaytirish, xonadonma-xonadon isitish vositalaridan to‘g‘ri foydalanish bo‘yicha tushuntirish ishlarini tashkil qilish bo‘yicha topshiriq berildi.
Avtomobilga gaz quyish shoxobchalarida davom etayotgan o‘g‘irliklarga barham berish shartligi ta’kidlandi.
Misol uchun, o‘tgan haftada birgina Vobkent tumani va Buxoro shahridagi 3 ta shoxobchada 26 million kubmetr (26 milliard so‘mlik) gazdan yashirincha foydalanish holatlari aniqlangan. Ushbu gaz hajmi bilan 44 ming xonadonni yoki bitta katta tuman aholisini 1 oy gaz bilan ta’minlash mumkin edi.
Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari Valiyevga shu masalada tartib o‘rnatish topshirildi.
Umuman, Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuraturaga bugun lavozimidan ozod etilgan mutasaddilarning faoliyatini o‘rganish va qonun buzilishlari aniqlangan taqdirda, qat’iy javobgarlikka tortish topshirildi.
Yig‘ilish yakunida tegishli mutasaddilar va hududlar hokimlari hisobot berdi.