DXX kubogini qo‘lga kiritgan "Nafis" jamoasi qizlari munosib kutib olindi
Xabar qilganimizdek, Toshkent shahrida o‘tkazilgan sportning mini futbol turi bo‘yicha qizlar o‘rtasida «Davlat xavfsizlik xizmati kubogi»ning respublika bosqichida Jomboy tumani No‘sh mahallasining "Nafis" qizlar futbol jamoasi birinchi o‘rinni egalladi va 150 million so‘m pul mukofoti bilan taqdirlandi.
Bugun Samarqand temiryo‘l vokzalida DXX kubogini qo‘lga kiritgan "Nafis" qizlar jamoasini kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda viloyat hokimining o‘rinbosarlari X.Ochilov, Z.Rahmonova, Jomboy tumani hokimligi, viloyat yoshlar siyosati va sport boshqarmasi xodimlari, sport ixlosmandlari, keng jamoatchilik vakillari hamda g‘olib jamoa qizlarining ota-onalari ishtirok etdi.
Tadbirda "Sog‘lom yoshlar - Yangi O‘zbekiston kelajagi" shiori ostida ayollar o‘rtasida o‘tkazilgan ushbu musobaqada "Nafis" jamoasining matonat bilan viloyatimiz sharafini munosib himoya qilgani e’tirof etildi.
- Jamoamiz qizlarining sport bilan muntazam shug‘ullangani hamda ahilligi tufayli ushbu natijaga erishdik, - deydi "Nafis" futbolchisi Sanam Murodova. - Lekin bu oson bo‘lgani yo‘q. Jamoamizning kelgusidagi rejalari ko‘p. Mahallamiz va tumanimizda o‘zimiz kabi sportga qiziquvchi yoshlarni jamoamizga jalb qilib, yana mana shunday nufuzli musobaqalarda ishtirok etamiz va bundan-da kattaroq yutuqlarni qo‘lga kiritamiz.
Tadbir so‘ngida sportchilarga viloyat va Jomboy tumani hokimligi hamda viloyat davlat xavfsizligi xizmati boshqarmasining esdalik sovg‘alari topshirildi.
Jasur Shukurov.