DXX narkotik dori vositalari savdosiga chek qo‘ydi

Davlat xavfsizlik xizmati Samarqand viloyati boshqarmasi viloyat bojxona va ichki ishlar boshqarmalari xodimlari bilan hamkorlikda 2 noyabr kuni Toyloq tumani hududida tezkor tadbir olib bordi.

Tadbir davomida Namangan shahrida yashovchi, 1977 yilda tug‘ilgan E.Sh. hamda G.X.larning “Toyloq - Urgut” yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanib ketayotgan “Cobalt” rusumli avtomashinasi to‘xtatilib, tekshirilgan. Unda E.Sh. va G.X. avtoulov yukxonasidagi oyoq kiyim qutilari ichida 1700 dona (170 konvalyuta) “Tramadol Lannaxer 50” narkotik dori vositalarini yashirganligi aniqlanib, xolislar ishtirokida rasmiylashtirilib olingan.

Ma’lum bo‘lishicha, ushbu shaxslar narkotik dori vositalarini Namangan shahrida 8 million 500 ming so‘mga sotib olib, Urgut tumanida yashovchi fuqaroga 2 ming AQSh dollariga sotmoqchi bo‘lishgan.

Ushlangan shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 246 va 273-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.