Samarqandda "qoradori" savdosi bilan shug‘ullangan shaxslar qo‘lga olindi
DXX viloyat boshqarmasi tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda Samarqand shahri Yuqori Xo‘jasoat mahallasida yashovchi uch nafar shaxs giyohvandlik vositalari noqonuniy savdosi bilan shug‘ullanib kelayotganligi ma’lum bo‘ldi.
Toyloq tumani hududida ular “Nexia-3” avtomashinasida harakatlanib ketayotgan vaqtda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan to‘xtatilgan. Avtoulov tekshirilganda avtomashina salonida 5 gramm “geroin” giyohvandlik vositasi borligi aniqlanib, holat xolislar ishtirokida protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.
Xuddi shunday holat Urgut tumanida ham kuzatilib, “Sariqtepa”, “Chinor” “Mo‘minobod” mahalla fuqarolar yig‘inlarida yashovchi uch nafar shaxsning ham giyohvandlik vositalari oldi-sotdisi bilan shug‘ullanib kelayotganligi aniqlangan.
Huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida ushbu guruh tuman hududida 911 gr. “ekstraktli opiy”ni mahalliy fuqaroga 20 ming dollarga sotayotgan vaqtda tezkor guruh tomonidan qo‘lga olinib, xolislar ishtirokida rasmiylashtirilgan.
Hozirda yuqorida keltirib o‘tilgan har ikkala holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilishi rejalashtirilib, surishtiruv ishlari olib borilmoqda.