11,4 kg “opiy” va “gashish” moddalari musodara qilindi
Davlat xavfsizlik xizmatining Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat bojxona boshqarmasi bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda Jizzax viloyatining Baxmal tumanida yashovchi fuqaro Urgut tumaniga borib, tanishidan 1 kg 916 gramm “opiy” moddasini olib, o‘zining boshqaruvida bo‘lgan “Neksiya 2” rusumli avtomashinada doimiy yashash manziliga qaytib ketayotgan vaqtida Bulung‘ur tumanida ushlangan. Undan giyohvandlik vositasi tegishli tartibda rasmiylashtirib olingan.
Tezkor tadbir davom ettirilib, unga ajal og‘usini bergan fuqaroning yashash xonadoni ko‘zdan kechirilganda, kelgusida sotish maqsadida saqlanayotgan 7 kg 331 gramm “opiy” moddasi borligi aniqlanib, u ham protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.
Shuningdek, DXX Navoiy va Jizzax viloyatlari bo‘yicha boshqarmalari xodimlari tomonidan bojxona hamda ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda G‘allaorol tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Urgut tumanida yashovchi fuqaro 469 gramm “opiy” moddasini 8 ming AQSh dollariga sotayotgan vaqtida ushlangan.
Mazkur shaxs muqaddam giyohvand moddalar savdosi bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlanib, jazo muddatini o‘tagan bo‘lsa-da, o‘z xatosidan to‘g‘ri xulosa chiqarmagan.
Surishtiruv harakatlari davomida u giyohvand moddalarni Urgut tumanida yashovchi boshqa shaxsdan 5 ming AQSh dollariga sotib olganligi aniqlanib, u ham qo‘lga olingan.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.