Marixuanani issiqxonada yetishtirayotgan ekan...

Payariq tumanida issiqxonada 221 tup giyohvandlik o‘simligini yetishtirib kelayotgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 23 iyun kuni viloyat IIB Giyohvandlik va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish bo‘limi hamda Payariq tumani IIB xodimlari tomonidan maxsus-profilaktik tadbir o‘tkazilgan.

Tadbir davomida Jomboy tumanida ro‘yxatda turib, vaqtincha Payariq tumani Polvonariq mahallasida yashovchi fuqaroning hovlisida joylashgan issiqxonada 221 tup giyohvandlik o‘simligi yetishtirayotgani aniqlangan.

Issiqxonaning ichki qismi ko‘zdan kechirilganda u yerda 1 kilogramm quritilgan holdagi giyohvandlik moddasi ham saqlanayotganligi aniqlanib, holat tegishli tartibda hujjatlashtirilgan.

Holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.