Dzyudo: Sardor Nurullayev Tbilisidan oltin medal olib qaytdi
Gruziya poytaxti Tbilisi shahrida dzyudo bo‘yicha “Katta Dubulg‘a” turniri o‘tkazildi.
Nufuzli musobaqada samarqandlik dzyudochi Sardor Nurullayev oltin medalni qo‘lga kiritdi. Ukasi Kemron Nurillayev kumush medali bilan va yana bir viloyatimiz vakili Davlat Bobonov bronza medali bilan taqdirlandi.
Shu orqali ular Olimpiada reytingidagi ochkolarini oshirib oldi.
***
“Parlament o‘yinlari”
Xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashi boshchiligida shahar va tuman Kengashi kotibiyati mudirlari va deputatlar ishtirokida “Parlament o‘yinlari” bo‘yicha mini futbol mosabaqasi bo‘lib o‘tdi.
Musobaqa yakuniga ko‘ra, birinchi o‘rinni Bulung‘ur tumani egalladi. Qo‘shrabotliklar ikkinchi o‘rin bilan taqdirlangan bo‘lsa, Samarqand shahri kotib va deputatlari uchinchi o‘rin bilan kifoyalandi.
***
Sambo
Samarqand shahrida sambo bo‘yicha o‘g‘il bolalar va qizlar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati o‘tkazildi.
Unda 200 nafardan ortiq sambochilar 14 vazn bo‘yicha bellashdi. Yakunda samarqandlik sambochilar 3 ta oltin, 5 ta kumush, 11 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi. Medallar qo‘lga kiritish bo‘yicha keyingi o‘rinni qaraqalpoqliklar egalladi. Shuningdek, Qashqadaryo, Buxoro, Navoiy Andijon viloyatlari hamda Toshkent shahri sambochilari ham ko‘p medal to‘pladi.
***
Futbol
Samarqand shahar 2-son BO‘SM Sartepa sport majmuasida futbol bo‘yicha 2006-2007, 2008-2009 yillarda tug‘ilgan bolalar va o‘smirlar o‘rtasida musobaqa o‘tkazildi.
Musobaqada mezbon jamoalardan tashqari Toshkent, Chirchiq, Buxoro shahridan futbol jamoalari o‘zaro to‘p surishdi.
Murosasiz kechgan o‘yinda umumjamoa hisobida Samarqand shahar 2-son BO‘SM jamoasi birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlar Chirchiq shahrining “Titan” hamda “FK Chirchiq” jamoalari egalladi.
***
Stol tennisi
Paxtachi tumanida “Sportni sev, sport bilan yasha!” shiori ostida “Stol tennisi oyligi”ning viloyat final bosqichi o‘tkazildi.
Barcha shahar va tumandan 16 jamoaning 120 nafardan ortiq tennischilari ishtirok etgan bahsda birinchi o‘rinni Samarqand shahri tennischilari egalladi. Ikkinchi va uchinchi o‘rin Past Darg‘om va Jomboy tumani sportchilariga nasib etdi.
***
Voleybol
Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filialida xotin-qizlar o‘rtasida voleybol bo‘yicha "Do‘stlik spartakiadasi" bo‘lib o‘tdi.
Unda viloyatdagi oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari tarkib topgan jamoalar o‘zaro bellashdi.
Musobaqa yakuniga ko‘ra, TATU Samarqand filiali jamoasi birinchi o‘rinni egalladi. Ikkinchi va uchinchi o‘rin Samarqand davlat universiteti hamda Samarqand davlat tibbiyot instituti jamoalariga nasib etdi.
***
Taekvon-do ITF
Samarqand shahrida taekvon-do ITF bo‘yicha 7-17 yoshlilar o‘rtasida viloyat ochiq chempionati o‘tkazildi.
Musobaqada viloyatimiz sportchilari qatorida Toshkent, Andijon, Buxoro hamda Toshkent shahridan jami 350 nafarga yaqin taekvon-dochilar g‘oliblik uchun kurash olib bordi. Yakunda umumjamoa hisobida viloyatimiz vakillari birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni toshkentlik va buxoroliklar egalladi.
Husan Eltoyev.