Diyora Keldiyorova: "Ota-onam, ustozlarim va Prezidentimiz ishonchini oqlayotganimdan faxrlanaman"
O‘zbekiston chempioni, xalqaro turnirlar g‘olibi, Osiyo va jahon chempioni, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti va “Kelajak bunyodokori” medali sohibi. Bu yutuqlarning barchasi dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi, pastdarg‘omlik Diyora Keldiyorovaga tegishli.
Joriy yilning 25 avgust kuni Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz ikki yilligi munosabati bilan yuqori natijalarga erishgan sportchi va murabbiylardan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
Farmonga muvofiq, Diyora Keldiyorova “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi” faxriy unvoni bilan taqdirlandi.
- Hayotda nimagadir erishish uchun astoydil harakat va tinmay mehnat qilish kerak, bu mening shiorim, - deydi Diyora. – Qariyb 20 yildan buyon dzyudo bilan shug‘ullanaman. Yoshligimdan chempion bo‘laman, televizorda ko‘rsatishadi, butun O‘zbekiston meni olqishlaydi, der edim. Mana, niyatimga yetdim, jahon arenalarida yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘tarib, chempion bo‘ldim. Faoliyatim davomida yutuqlar bilan birga, mag‘lubiyatlar ham bo‘ldi. Biroq bu sinovlar qarshisida egilmadim. Ota-onam, ustozlarimning qo‘llab-quvvatlashlari menga madad bo‘ldi.
Mustaqilligimizning 32 yilligi bayramida erishgan yutuqlarim yana bir bor e’tirof etilib, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi” faxriy unvoni bilan taqdirlandim. Prezidentimiz qo‘lidan mukofotni olar ekanman, “Diyora, qizim ota-onang, ustozlaring va mening ishonchimni oqlayapsan, hali sening nomingga O‘zbekiston madhiyasi jahon arenalarida ko‘p bor yangraydi” dedilar. Davlatimiz rahbarining bunday maqtovi va e’tirofidan boshim ko‘kka yetdi. Ota-onam, ustozlarim va Prezidentimiz ishonchini oqlayotganimdan faxrlanaman va yurtimiz bayrog‘ini jahon arenalarida baland ko‘tarish uchun astoydil harakat qilaman.