Diyora Keldiyorova: “Ikki karra olimpiada chempioni bo‘lmoqchiman”

 

Parij-2024 yozgi Olimpiya o‘yinlari chempioni, pastdarg‘omlik dzyudochi Diyora Keldiyorova nihoyasiga yetib borayotgan yilni 52 kilogramm vazn toifasida jahon reytingi peshqadami sifatida yakunlamoqda.

O‘zbekiston tarixida yozgi olimpiya o‘yinlari chempioni bo‘lgan ilk ayol dzyudochining tarixiy g‘alabasi ko‘pchilik yoshlar, ayniqsa, qizlar uchun juda katta motivatsiya bo‘ldi. Olamshumul chempionligi bilan minglab hamyurtlarimizda sog‘lom turmush tarziga qiziqish uyg‘ota olgan sportchimiz bilan kelgusi rejalari haqida suhbatlashdik.

– Diyora, olimpiadadagi tarixiy g‘alabangizdan keyin dzyudo bilan shug‘ullanayotgan yoshlar sezilarli darajada ko‘paydi. Bu borada fikrlaringiz qanday?

– Albatta, bundan juda xursandman. To‘g‘risi, dzyudoga kelayotgan qizlar bunchalik ko‘payishini kutmagan edim. O‘zbekistonda ayollar sportini rivojlanishiga oz bo‘lsa-da hissa qo‘shganimdan juda xursandman. Sog‘lom onadan sog‘lom farzand dunyoga keladi. Bu, albatta, professional sportda ham mevasini beradi. Bizda ayollar dzyudosida raqobat kuchaymagan edi. Chunki avval dzyudochi qizlar soni kam edi. O‘ylaymanki, yaqin davrda raqobatni bugungidan ham kuchaytiramiz. Har bir vaznda yetakchilikka da’vogarlarni 10 taga yetkazib olsak, bu ayollar dzyudosida juda katta o‘sish bo‘ladi.

– Hozir nimalar bilan mashg‘ulsiz, sizni yana qachon musobaqalarda ko‘ramiz?

– Ayni paytda ta’tildamiz, jarohatlarimni davolayapman. Shuning uchun musobaqalarda qachon ishtirok etishimni aniq bilmayman. Kelgusi olimpiadagacha yana 4 yil vaqtimiz bor. O‘tgan olimpiadada COVID-19 pandemiyasi sababli Parij-2024 sikli qisqaroq bo‘ldi. So‘nggi yetti yilda umuman dam olmadik, desam ham bo‘ladi. Shu bois hozir hordiq chiqaryapman va shu paytgacha bezovta qilgan barcha jarohatlarimni tuzatyapmiz. Orada yoshlar bilan uchrashuvlarda qatnashyapman va yosh dzyudochi qizlarga mahorat darslari o‘tyapman. Yaqinda O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi tashabbusi bilan tashkil etilgan “Judo Girls” klubi tarbiyalanuvchilariga mashg‘ulot o‘tdik. Rosti, shunday pallada o‘zim ham miriqib shug‘ullanaman. Chunki bolalik yillariga qaytgandek bo‘laman. Umid qilamanki, dzyudoga mehr qo‘ygan qizlarimiz ham jahon arenalarida yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘taradi.

– Chempion bo‘lganingizdan keyin Ijtimoiy himoya milliy agentligida mas’ul lavozimga tayinlandingiz. Bu sportdagi faoliyatingizga va shaxsiy hayotingizga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydimi?

– Yo‘q. Aksincha, Ijtimoiy himoya milliy agentligining Gender tengsizligi va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashish bo‘yicha maxsus vakili etib tayinlanganimdan xursandman. Chunki menga “Zamonaviy o‘zbek ayolining serqirraligi – mehribon qiz, sodiq rafiqa, hurmatga munosib kelin, shu bilan birga, mamlakatimizni jahon arenasida muvaffaqiyatli namoyon etayotgan Olimpiada chempioni” sifatida ishonch bildirildi. Bu ishonchga munosib bo‘lib, yurtimiz kelajagi va jamiyatda xotin-qizlarning gender tengligi yo‘lida opa-singillarimizni qo‘llab-quvvatlash uchun harakat qilaman.

– Yangi olimpiada siklida yoki keyingi musobaqalarda vazn toifangizni o‘zgartirasizmi?

– Bunday rejam yo‘q. Chunki musobaqalarda menga shu vaznda ishtirok etish (52 kilogramm) qulay.

– Kelgusi rejalaringiz, oldingizga qanday maqsad qo‘ygansiz?

– Rostini aytsam, rejalarim ko‘p va hali faoliyatimni tugatmoqchi emasman. Qolaversa, turmush o‘rtog‘im ham dzyudochi. Mashg‘ulotlarni birgalikda olib borib, nufuzli musobaqalarda qatnashish niyatim bor. Eng katta maqsadlarimdan biri ikki karra olimpida chempioni bo‘lib, O‘zbekiston nomini yana bir bor dunyoga tanitmoqchiman.

– Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat!

Fazliddin Ro‘ziboyev suhbatlashdi.