Diyora Keldiyorova: "Ortimda butun o‘zbek xalqi turganini his qilib turdim"
O‘zbekiston chempioni, xalqaro turnirlar sovrindori, Osiyo va jahon chempioni, Osiyo va Islom birdamligi o‘yinlari g‘olibi, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti va “Kelajak bunyodkori” medali sohibi, O‘zbekiston tarixida yozgi Olimpiya o‘yinlarida chempion bo‘lgan ilk ayol sportchi...
Bu yutuqlarning barchasi dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi, pastdarg‘omlik Diyora Keldiyorovaga tegishli.
Diyora Keldiyorova 1998 yilda Past Darg‘om tumanining Po‘latchi mahallasida tug‘ilgan. 20 yildan buyon dzyudo bilan shug‘ullanib keladi. 6 yoshida Xurshida Xalikova qo‘li ostida shug‘ullanishni boshlagan va 2010 yilda ilk marta O‘zbekiston chempioni bo‘lib, 2013 yilda milliy terma jamoaga qabul qilingan. Terma jamoada Nelya Kiyamova qo‘l ostida mashg‘ulotlarni davom ettirib, 2015 yilda jahon chempioni bo‘lgach, o‘zbek dzyudosida yangi sahifa ochib, uni g‘alabalar bilan to‘ldirib kelmoqda.
Diyora Parijda o‘tkazilayotgan Olimpiya o‘yinlarida ham yurtimiz sharafini munosib himoya qilib, O‘zbekiston tarixida yozgi Olimpiya o‘yinlarida chempion bo‘lgan ilk ayol sportchi, shuningdek, yurtimiz tarixida dzyudo bo‘yicha olimpiada oltin medalini olgan ilk sportchiga aylandi.
U chempionlikkacha yaponiyalik Olimpiada va to‘rt karra jahon chempioni Uta Abening 5 yillik mag‘lubiyatsiz seriyasiga barham berdi, chorak finalda germaniyalik Masha Balhausni, yarim finalda mezbonlarning birinchi raqamli sportchisi, Olimpiya o‘yinlarining oltin va kumush medallari sohibi Amandin Busharni, finalda "Tokio-2020" yozgi Olimpiya o‘yinlarining chempioni kosovolik Distriya Krasnichini mag‘lubiyatga uchratdi.
"G‘alabangiz o‘zbek ayoli nimaga qodir ekanini dunyoga namoyish etdi"
Davlatmiz rahbari Diyora Keldiyorovani Olimpiada chempionligi bilan tabriklab, shunday fikr bildirdi. “Jasoratli, matonatli qizim borligidan g‘ururlanaman. Kamdan-kam bo‘ladigan g‘alaba bo‘ldi. Dunyo qoyil qoldi. G‘alabangiz o‘zbek ayoli nimaga qodir ekanini dunyoga namoyish etdi. O‘zbekistonning obro‘yini juda ko‘tardingiz, rahmat qizim”, dedi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev chempion bilan telefon orqali muloqot chog‘ida.
Farzand natijasi ota-ona uchun cheksiz faxr
Diyora Keldiyorova bu oltin medal evaziga O‘zbekiston olimpiya reytingida kuchli o‘nlikdan joy oldi. Aytish joizki, o‘zbekistonlik ayol sportchilaridan faqatgina trampolindan sakrash bahslarida Yekaterina Xilko (2008 yil, bronza) Olimpiada sovrindori bo‘lgan edi. O‘zbekiston dzyudo maktabining eng mashhur va afsonaviy sportchilari Armen Bagdasarov, Abdulla Tangriyev va Rishod Sobirovlar ham Olimpiada oltin medalini qo‘lga kirita olmagan edi. Bagdasarov va Tangriyev kumush medal, Sobirov esa uch marta bronza medali olgan. Shuningdek, Diyorbek O‘rozboyev va Davlat Bobonov hisobida ham bittadan bronza medali mavjud.
Diyoraning g‘alabasidan keyin uning ota-onasi bilan suhbatlashdik.
- Qizim ishtirok etgan har bir musobaqani hayajon bilan kuzatamiz, - deydi Diyoraning onasi Dilorom Sharipova. – Yoshligidan chempion bo‘laman, televizorda ko‘rsatishadi, butun O‘zbekiston meni olqishlaydi, der edi. Mana, azaliy raqibi, bir necha yildan buyon g‘alabani bermay kelayotgan yaponiyalik Uta Abe va yana bir nechta nomdor sportchilarni dog‘da qoldirib, niyatiga yetdi - yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘tarib, olimpiada chempioni bo‘ldi. Bundan boshimiz ko‘kka yetdi.
- Mamlakatimizda sportchilarning shug‘ullanishi uchun barcha sharoit yaratilgan, - deydi Diyoraning otasi Baxtiyor Mardonov. – Buni qizim Diyora erishayotgan yutuqlarda ham ko‘rish mumkin. Qizim olimpiadada tarixiy g‘alaba qayd etib, yuzimizni yorug‘ qildi, ishonchimizni oqladi. Ustozlari, mahallamizdagilar, mas’ullar uyimizga kelib, Diyoraning chiqishini birgalikda kuzatishdi, g‘alaba bilan tabrikladi va hammasi uchun rahmat aytishdi. Rosti, bu ota-ona uchun faxr.
«Ortimda butun o‘zbek xalqi turganini his qildim»
Diyora tarixiy g‘alabasidan so‘ng O‘zbekiston ayollar terma jamoasida ishlayotgan yaponiyalik mutaxassis Miki Tanakaga minnatdorchilik bildirdi.
Chunki bu mutaxassis yordamida Diyora joriy yilda ikki marta Yaponiyaga borib, mahoratini oshirib kelgan va uning chempion bo‘lishida hissa qo‘shgan. Diyoraning chempion bo‘lishida uning hozirgi murabbiyi Marko Shpitkaning esa xizmatlari juda katta. "Atlanta-1996" yozgi Olimpiya o‘yinlarining bronza medali sohibi bo‘lgan ushbu mutaxassis o‘zbekistonlik shogirdi bilan chempionlikka erishdi. Diyora musobaqadan keyin "Parij-2024" rasmiy matbuot anjumanida olimpiada taassurotlari va murabbiyi aytgan gaplar unga motivatsiya berganini ta’kidladi.
"Murabbiyimni eng birinchi aytgan gapi - Abe bilan birinchi-ikkinchi raundda yoki yarim final, balki finalda tushishing mumkin, senda bittagina yo‘l bor, bu ham bo‘lsa faqatgina uni yutish. Orqaga yo‘l yo‘q, faqatgina bittagina yo‘ling bor” dedi va men shu ishni qildim. Bu murabbiyimning menga bergan katta motivatsiyasi edi. Musobaqaga uzoq muddat tayyorlandik. Har bir raqibim kuchli bo‘lishini bilgan edim. Kuchlilarni yutmagunimcha, kuchli bo‘la olmasligimni yaxshi tushunib turgan edim. Albatta, ortimda butun o‘zbek xalqi, o‘zbekistonlik ayol dzyudochilar turganini his qildim. Fursatdan foydalanib, muhtaram Prezidentimizga O‘zbekistonda ayollar sportiga qaratilayotgan e’tibor yuzasidan cheksiz minnatdorchilik bildiraman. Chet ellik sportchilar ham bizga yaratilgan sharoitlarga havas qiladi. O‘ylaymanki, mana shunday e’tibor bugungi Olimpiada g‘olibligining mevasi bo‘ldi", dedi Diyora Keldiyorova.
***
Ayni paytda Parijda o‘tkazilayotgan yozgi olimpiya o‘yinlari 11 avgustga qadar davom etadi va musobaqada viloyatimizdan 15 nafar sportchi yurtimiz sharafini himoya qilyapti.
Fazliddin RO‘ZIBOYeV.