Diyora Keldiyorovaning ota-onasiga viloyat hokimining tashakkurnomasi va esdalik sovg‘alari topshirildi
Parijda o‘tkazilayotgan o‘ttiz uchinchi yozgi olimpiya o‘yinlarida pastdarg‘omlik Diyora Keldiyorova yurtimiz tarixida dzyudo bo‘yicha olimpiada oltin medalini olgan ilk sportchi bo‘ldi.
Kecha davlatimiz rahbari Diyora bilan telefon orqali gaplashib, tarixiy g‘alaba bilan tabrikladi va u bilan faxrlanishini aytdi.
Bugun viloyat hokimligi mas’ullari va jamoatchilik vakillari Diyora tug‘ilib o‘sgan xonadonga borib, uning ota-onasiga viloyat hokimi Erkinjon Turdimovning tashakkurnomasi va qimmatbaho sovg‘alarini topshirdi.
Diyoraning sportdagi zafarli odimlari haqida fikrlar bildirildi.
- Yaponiyalik jahon va olimpiada chempioni Abeni yiqitdi, birinchi navbatda shundan xursandman, - deydi Diyoraning onasi Dilorom Sharipova. - To‘rt yildan beri u qizimga birinchilikni bermay kelayotgandi. Diyora uchun g‘alabaga erishish oson bo‘lmadi va juda ko‘p harakat qildi, maqsadi yo‘lida to‘xtab qolmadi. Oxiri, olimpida chempioni bo‘lib, nafaqat bizni, balki butun xalqimizni ishonchini oqladi. Buning uchun qizimni har doim qo‘llab-quvvatlagan ustozlari, tumanimiz va viloyat mas’ullariga, sportchilarga sharoit yaratib bergan Yurtboshimizga rahmat aytaman.
Diyoraga dzyudo sirlarini o‘rgatgan va uning shu darajaga yetishida munosib hissa qo‘shgan birinchi murabbiyi Xurshida Xalikovaning xizmatlari katta.
Diyorani olti yoshida buvisi oldimga olib kelganida o‘ta harakatchanligi, tirishqoqligi bilan boshqa sportchilardan ajralib turardi, - deydi Xurshida Xalikova. – 10 yil, ya’ni jahon chempioni bo‘lgunga qadar birga shug‘ullandik. Keyinchalik terma jamoaga qabul qilinib, nufuzli musobaqalarda g‘olib bo‘ldi, eng katta maqsadi - olimpiada chempionligiga erishdi. Diyoraning chempionlikkacha bosib o‘tgan mashaqqatli yo‘li, o‘zbek qizining matonati va sabridan barcha yoshlarimiz o‘rnak olsa arziydi.
Fazliddin Ro‘ziboyev.