Efiopiya shimolidagi ommaviy qirg‘in oqibatida 500 nafarga yaqin tinch aholi halok bo‘lgan
Efiopiya shimolining Tigray mintaqasida mahalliy aholi ommaviy qirg‘in qilindi. Oqibatda bir necha o‘ndan, bir necha yuzgacha inson halok bo‘ldi. Bu haqda 13 noyabr kuni Amnesty International huquqni muhofaza qilish tashkiloti bayonot berdi.
“9 noyabrga o‘tar kechasi Efiopiyaning Tigray mintaqasi janubi-g‘arbida joylashgan May-Kadra shahrida o‘nlab, ehtimol yuzlab odamlar pichoqlangan yoki chopib tashlangan”, deyilgan bayonotda.
Huquqni muhofaza qilish tashkiloti taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, ko‘plab tanalar shahar markazida, Efiopiya Tijorat banki binosi yonida aniqlangan. Shuningdek, qo‘shni Kumera shahriga olib chiquvchi yo‘l bo‘ylab ham o‘ldirilganlar tanasi aniqlangan.
Ommaviy qirg‘in uchun javobgarlar hali aniqlanmaganligi aytilmoqda. Biroq guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, ular Tigray ozodligi Xalq fronti (TOXF) a’zolari bo‘lishgan. Bu haqda qirg‘indan omon qolgan uch nafar guvoh ma’lum qildi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ommaviy qirg‘in oqibatida 500 nafarga yaqin tinch aholi halok bo‘lgan.
9 noyabr kuni Reuters agentligi hukumat qo‘shini va TOXF o‘rtasida sodir bo‘lgan harbiy to‘qnashuv oqibatida 500 nafar harbiy halok bo‘lganligi haqida xabar bergan edi. Biroq ushbu to‘qnashuvda faqat harbiylar halok bo‘lgan.
Hukumat kuchlari va TOXF o‘rtasidagi vaziyat 3 noyabr kuni o‘t ochish bosqichiga o‘tdi. 2019 yilda tinchlik uchun Nobel mukofotini qo‘lga kiritgan Efiopiya bosh vaziri Abiy Ahmed Ali TOXFga qarshi urush e’lon qildi. Shu bilan birga TOXF harbiy birlashmasi kuchlari hukumat kuchlarida sezilarli darajada yuqori ekanligi ta’kidlanmoqda.