Eksport kontraktlari bojxonada hisobga qo‘yilmaydi: endi istisnolar qilinmaydi

2003 yil 1 oktyabrdan buyon O‘zbekistonda import kontraktlarining bojxona monitoringi tizimi (Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimi, TSOYaEAT) amal qiladi. U eksport kontraktlarini bojxona organlarida hisobga qo‘yish zaruratini deyarli to‘liq qondirdi. TSOYaEAT faoliyat yuritishi tartibi – bu yerda.

Biroq shu paytgacha istisnolar saqlanib qolgan edi. Quyidagi hujjatlarda ko‘rsatilgan tovarlarga nisbatan eksport kontraktlari (qonun hujjatlariga muvofiq eksport kontraktlariga tenglashtirilgan kontraktlar bundan mustasno) davlat bojxona xizmati organlarida hisobga qo‘yilishi lozim edi:

· Prezidentning 3.11.2017 yildagi «Maxsus turdagi tovarlar eksporti va importini litsenziyalash, shuningdek, eksport kontraktlarini ro‘yxatga olish va import kontraktlarini ekspertizadan o‘tkazishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF–5215-son Farmoniga 1-ilovada;

· Prezidentning 15.12.2017 yildagi «Tashqi bozorlarda mahalliy tovarlar eksport qilinishini rag‘batlantirish va raqobatdoshligini ta’minlash yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PF–5286-son Farmoniga 1-ilovada;

· Prezidentning 3.11.2017 yildagi «Tashqi savdo faoliyatini yanada erkinlashtirish va tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-3351-son qaroriga ilovada.

Prezidentning 24.11.2018 yildagi PF–5582-son Farmoni kuchga kirishi bilan barcha tovarlarga nisbatan eksport kontraktlarini bojxona organlarida hisobga qo‘yish borasidagi talab bekor qilindi. Tegishincha, yuqorida sanab o‘tilgan istisnoli holatlar o‘z kuchini yo‘qotadi.

 

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 26.11.2018 yildan kuchga kirdi.