Endi inkassator har kuni bezovta qilmaydi
Prezidentimizning 2018 yil 30 oktyabrdagi «Tovar bozorlarida savdoni yanada erkinlashtirish va raqobatni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoniga asosan 2018 yil 1 noyabrdan boshlab naqd pul tushumini topshirish va undan foydalanishning yangicha tizimi joriy etildi.
Unga ko‘ra, bir kunda eng kam oylik ish haqining 20 barobaridan ko‘p savdo tushumi bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar uchun naqd pulni bank kassalariga inkassatsiya xizmatlari orqali yoki mustaqil topshirish imkoniyati yaratildi. Kunlik savdo tushumi EKOIHning 20 barobaridan kam savdo tushumiga ega sub’yektlar esa naqd pulni bank kassalariga inkassatsiya xizmatlari orqali o‘zlari belgilagan davrda yoki shaxsan keltirish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Endilikda qaror asosida inkassatsiya xizmati maqbullashtiriladigan bo‘ldi. Bunda tijorat banklarining inkassatsiya bo‘yicha xarajatlarini kamaytirish, kuniga eng kam ish haqining 1 barobarigacha savdo tushumiga ega bo‘lgan sub’yektlar tushumlarini bank kassasiga mustaqil yoki inkassatsiya xizmati orqali davriy vaqtda (uch kun, 1 hafta yoki o‘n kunda bir bor) topshirishi mumkin bo‘ldi. Buning uchun inkassatsiya xizmati, bank va sub’yektlar o‘rtasida uch tomonlama shartnomalar qaytadan tuzilmoqda.
Mijozning xohishiga ko‘ra, ko‘rsatilgan davrdan oldin mablag‘ topshirish zarurati bo‘lsa, mijoz bank kassasiga mustaqil ravishda yoki inkassatsiya xizmatiga oldindan talabnoma berib, naqd pul topshirishi mumkin.
Shuningdek, qaror bilan yuridik shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan naqd pulsiz hisob-kitoblarni oldi-sotdi shartnomalarini tuzmasdan invoys (hisob-faktura) berish orqali korporativ bank kartochkalaridan foydalangan holda amalga oshirilishini nazarda tutuvchi tartib ham joriy qilindi.
Furqat AHMEDOV,
Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi mas’ul xodimi.