Endi kadastr hujjatlari tezroq tayyorlanadi
Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 2 sentyabrda “Kadastr sohasida ayrim davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Qaror bilan ko‘chmas mulk ob’yektiga kadastr pasportini berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.
Unga ko‘ra, ko‘chmas mulk ob’yektini kadastr hisobiga olish va kadastr yig‘majildini shakllantirish natijasida ko‘chmas mulk ob’yekti bo‘yicha elektron shaklda kadastr pasporti rasmiylashtiriladi. Ariza beruvchi kadastr pasportini olish uchun Davlat xizmatlari markaziga o‘zi kelib murojaat etadi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida ro‘yxatdan o‘tadi.
Kadastr pasportini tayyorlash
Ko‘chmas mulk ob’yektlarining turar joyga oid qismi bo‘yicha:
- ko‘p kvartirali uydagi kvartira – 3 ish kunigacha;
- yakka tartibdagi turar joy – 5 ish kunigacha (ilgari bu muddat tegishlicha 7, 10 kun edi);
Ko‘chmas mulk ob’yektlarining noturar joyga oid qismi bo‘yicha:
- umumiy maydoni 100 kv.m. gacha - 5 ish kunigacha;
- umumiy maydoni 100 kv.m. dan 1000 kv.m. gacha - 7 ish kunigacha;
- umumiy maydoni 1000 kv.m. dan 5000 kv.m. gacha - 10 ish kunigacha;
- umumiy maydoni 5000 kv.m. dan 15000 kv.m. gacha - 15 ish kunigacha;
- umumiy maydoni 15000 kv.m. dan 50000 kv.m. gacha - 20 ish kunigacha;
- umumiy maydoni 50000 kv.m. dan ortiq - 25 ish kunigacha (ilgari bu muddat tegishlicha 10 kundan 45 kungacha bo‘lgan).
Kadastr yig‘majildi shakllantirilgandan so‘ng kadastr pasportini berish uchun to‘lov miqdori qiymati ko‘rsatilgan xabarnoma (invoys) Davlat xizmatlari markaziga yoki ariza beruvchiga elektron shaklda yuboriladi.
Ariza beruvchi xabarnomani olgandan so‘ng 1 oy mobaynida to‘lovni to‘laydi.
Kadastr pasportini berish uchun to‘lov qiymatlari Vazirlar Mahkamasi qarori bilan belgilanadi.
Quyidagi hollarda kadastr pasportini rasmiylashtirish bepul amalga oshiriladi:
- ko‘chmas mulk ob’yekti bo‘yicha birlamchi kadastr yig‘majildi (pasporti) mavjud bo‘lib, begonalashtirilganda yoki ob’yektda o‘zgarishlar (rekonstruksiya, qo‘shimcha va alohida qurilish) mavjud bo‘lmaganda;
- ko‘chmas mulk ob’yektining bir qismi begonalashtirilganda ob’yektning qolgan qismiga yoki rekonstruksiyasiz toifasi o‘zgarganda;
- kadastr yig‘majildi (pasporti) yo‘qolganda (yaroqsiz holga kelganda).
Ushbu hollarda kadastr pasporti 3 ish kuni mobaynida rasmiylashtiriladi.
Qog‘oz shaklidagi kadastr pasporti Davlat xizmatlari markazi yoki YaIDXP orqali, plastik shakldagi kadastr pasporti faqat Davlat xizmatlari markazlari orqali taqdim etiladi.