Kattaqo‘rg‘onlik arxitektor va kadastrchilar nega jarima to‘lashi kerak?

Davlatimiz rahbari Prezidentlik vazifasiga kirishishi bilan qat’iy intizom va tartibga rioya qilishni talab qilmoqda. Ammo ayrim hollarda bunga sovuqqonlik bilan qarayotganlar ham afsuski, uchrab turibdi. Kattaqo‘rg‘on tumani arxitektura va qurilish bo‘limi hamda tuman yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi mas’ullari ana shundaylardan ekan.

Negaki, ular Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 20 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Fuqarolarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar hamda o‘zboshimchalik bilan qurilgan turar joylarga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aksiyasini o‘tkazish to‘g‘risida”gi PF–5421-son Farmoni ijrosini ta’minlash chora-tadbirlari haqida”gi qarori mazmun-mohiyatini yaxshi tushunishgan. Unda belgilangan talab va qoidalardan xabardor bo‘lishgan va uni aynan o‘zlari buzishgan.

Misol uchun, S.Umarov o‘z uy-joyiga mulk huquqini olish maqsadida Kattaqo‘rg‘on tumani davlat xizmatlari markaziga ariza bilan murojaat qiladi. Murojaat komissiya ishchi organi, ko‘chmas mulk va davlat kadastri filialida avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali komissiya a’zosi - tuman arxitektura va qurilish bo‘limiga 2019 yil 3 aprel kuni kelib tushgan.

Buyurtma ijrochi tomonidan o‘rganib chiqilib, Nizomda belgilangan muddat buzilib, 7 (yetti) kundan so‘ng fuqaroning uy-joyi amaldagi qurilish me’yoriy qoidalari talablariga muvofiq emasligi haqida xulosaga keladi. Afsuski, qonunda belgilangan muddatda ko‘rib chiqilmagan buyurtma birgina bu emas ekan. Aniqlanishicha, arxitektorlar 490 nafar fuqarolarning murojaatlarini ko‘rib chiqishda muddatga rioya qilishmagan.

Shuningdek, komissiya a’zosi - tuman yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi tomonidan berilgan 869 ta salbiy xulosalarning 153 tasida Nizomda belgilangan muddatlar buzilib, ijrosi ta’minlanganligi holatlari mavjud.

Aniqlangan holatlar yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, vazifasiga nisbatan sovuqqonlik qilganlar jarimaga tortildi.

O‘tkir HAKIMOV,

Kattaqo‘rg‘on tumani adliya bo‘limi boshlig‘i, 1-darajali yurist.