Kadastr hujjatlari 5 yilda yangilanadimi?

- Qo‘shnim kadastr hujjatini har 5 yilda yangilab turish kerak ekanligini aytdi. Men kadastr bilan bog‘liq hujjatlarimni 2015 yilda tayyorlaganman. Hozir buni yangilashim kerakmi?

A.Bashirov,

Jomboy tumani. 

- Yo‘q. Har 5 yilda kadastrni yangilash kerak, degan holat respublikamiz qonunchiligida mavjud emas. Kadastr pasporti quyidagi hollarda rasmiylashtiriladi yoki qayta rasmiylashtiriladi:

- ko‘chmas mulk ob’yekti bo‘yicha birlamchi xatlov ishlari bajarilganda;

- ko‘chmas mulk ob’yektining bir qismi begonalashtirilganda yoki yer uchastkasi alohida bo‘linganda;

- qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalari xususiylashtirilgandan so‘ng ularning bir qismiga bo‘lgan huquq boshqa shaxsga o‘tganda;

- yer uchastkasining maydoni yoki chegara nuqtalari o‘zgarganda;

- ko‘chmas mulk ob’yektining manzilini belgilashda yoki o‘zgartirishda;

- ko‘chmas mulk ob’yektining toifasi o‘zgarganda;

- o‘z yer uchastkasida tegishli ruxsatnomalarni rasmiylashtirmasdan qurilgan bino va inshootlar mavjud bo‘lganda.

Savolga kadastr agentligi viloyat hududiy boshqarmasi axborot xizmati rahbari A.Nishonov javob berdi.