Samarqand tumanida 0,35 gektar yer maydoni ikkita tashkilotga tegishli kadastr hujjatlarida ustma-ust tushgan

Sud majlisida yer maydoni kimga tegishli ekanligiga aniqlik kiritildi.

Aniqlanishicha, Samarqand tumani hokimining 2017 yil 12 avgustdagi qarori bilan «A» mas’uliyati cheklangan jamiyatiga tumandagi «Mehrobod Agrotexservis» agrofirmasidagi 154 va 158-konturlardan tosh maydalash va qum yuvish sexi qurish uchun qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan 2 gektar yer maydoni ajratilgan.

Shuningdek, tuman hokimining 2018 yil 29 dekabrdagi boshqa qarori bilan «B» mas’uliyati cheklangan jamiyatiga hududdagi 158-konturdan qum zaxiralarini geologik o‘rganish uchun 6 gektar yer maydoni boshqa maqsadlarda foydalanilmaslik sharti bilan ajratilgan.

«B» MChJga Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi tomonidan shu yil 27 avgustda Samarqand tumanida joylashgan «Mirankulskoye 1985» yirik donador qumlar konining qismidan foydali qazilmalar qazib olish uchun litsenziya berilgan.

Shu asosda 2020 yilda tuman hokimining 2018 yildagi qaroriga o‘zgartirish kiritilib, «qum zaxiralarini geologik o‘rganish uchun» degan so‘z «foydali qazilmalarni qazib olish uchun» deb o‘zgartirilgan.

Qayd etilgan qarorlarga asosan, yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasi Samarqand tumani filiali tomonidan 2020 yil 26 may kuni «B» MChJga ajratilgan 6 gektar yer maydoniga nisbatan doimiy foydalanish huquqi to‘g‘risida kadastr hujjatlari tayyorlanib, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.

Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi huzuridagi kon-geologiya faoliyatini nazorat qilish inspeksiyasi vakillari 2020 yil 7 may kuni o‘rganish o‘tkazib, «B» MChJning litsenziyasida qayd etilgan yer maydoni koordinatalari bo‘yicha har bir nuqtaga qoziq o‘rnatgan.

Yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasi Samarqand tumani bo‘limi sudga taqdim qilgan xatda «A» mas’uliyati cheklangan jamiyati va «B» mas’uliyati cheklangan jamiyati o‘rtasida nizoli bo‘lgan yer maydoni kadastr hujjatlariga tuzilgan topografik planda 53x66 metr, ya’ni 0,35 ga yer maydonlari ikkala tashkilotga tegishli kadastr hujjatlarida ustma ust tushganligi qayd etilgan.

Yer kodeksining 31-moddasiga ko‘ra, yuridik va jismoniy shaxslarning yer uchastkasiga bo‘lgan huquqi joyning o‘zida chegaralar belgilangan holda chizmalari va tavsiflari tuzilib, yer uchastkalariga bo‘lgan huquq davlat ro‘yxatiga olinganidan keyin vujudga keladi.

Sud majlisida «A» mas’uliyati cheklangan jamiyati vakili yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi hujjat sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan kadastr hujjatlari yig‘ma jildini taqdim qilgan. Shu sababli, yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasi Samarqand tumani filiali tomonidan taqdim qilingan xatda bayon qilingan holatlar huquqiy asosga ega emas.

Ishdagi hujjatlar va sud muhokamasida taraflar vakillari, jumladan Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi huzuridagi Kon-geologiya faoliyatini nazorat qilish inspeksiyasi vakillarining sud majlisida bergan xulosasi bilan «A» MChJ «B» MChJ yer maydonining 0,53 gektar qismidan noqonuniy foydalanib kelayotganligi o‘z tasdig‘ini topdi.

Shunga ko‘ra, javobgar - «A» MChJni «B» MChJga tegishli 60 ming kvadrat metr yer maydonining 0,53 gektar qismidan majburiy tartibda chiqarilishi belgilandi. Hal qiluv qarorida to‘lab chiqilgan 1 million 115 ming so‘m davlat boji va 17 ming 840 so‘m pochta xarajatlarini «A» MChJdan «B» MChJ foydasiga undirilishi qayd qilindi.

O‘ktam Murodov,

Toyloq tumanlararo iqtisodiy sudi raisi.