Yer talashgan qo‘shnilarning janjali fojia bilan tugadi
Botir (ismlar o‘zgartirilgan) bilan G‘ani yon qo‘shni. G‘ani uyining qora tomonidagi fermer xo‘jaligiga tegishli bo‘lgan 68 sotix yerdan ancha yillardan beri foydalanib kelayotgandi. Botir fermer xo‘jaligiga rais bo‘lgach, G‘ani oilasi bilan foydalanib kelayotgan yerni bermay qo‘ydi. Shundan keyin o‘rtada nizo boshlandi, deb yozmoqda “Adolat sari” gazetasi.
Yoz kunlarining birida G‘ani mast bo‘lib qo‘shnisining uyiga keldi. Aql chekinib, jahl otiga mingan G‘ani qo‘shnisini chaqira boshladi. Botirning turmush o‘rtog‘i chiqib, eri uyda yo‘qligini aytib baloga qoldi. “Ering qani? Chaqir Botirni”, deb deraza oynasini sindirdi. Qo‘shni ayolga ham tan jarohati yetkazdi. Bo‘lib o‘tgan holat yuzasidan tegishli idoraga arz qilishdi. Botirga nisbatan ma’muriy bayonnoma tuzilib, jarima jazosiga tortildi.
Bu ko‘ngilsizliklar G‘aniga salbiy ta’sir qilgan bo‘lsa, oilaning boshqa a’zolarining ko‘nglida qo‘shniga nisbatan nafrat urug‘i qadaldi.
O‘sha kuni kechki payt G‘anining o‘g‘illari Nurali bilan Sherali boshqa fermer xo‘jaligiga qarashli yer maydonidagi toklariga o‘ra kovlab kelayotgandi. Uyiga yaqinlashganda Botir ular foydalanib kelgan yerni traktor bilan haydatayotganini ko‘rdi. G‘azabini ichiga yutib uyga kirishdi. Dadasi spirtli ichimlik ichib, uxlab yotgan ekan. Uyg‘otib bedapoyasini haydayotganini aytishmadi. Onasiga savol nazari bilan boqdi.
- Shoshmay turing, dedim traktorchiga. Botir aytdi, haydashim kerak, deb turib oldi traktorchi, - dedi ayol. Birgalashib ovqatlanayotgandi G‘ani uyg‘onib qoldi. Traktor ovozini eshitib tashqariga chiqdi. Bolalari ham otasi ortidan ergashdi.
Odam mehnati singgan joyni hech kimga bergisi kelmaydi, albatta. Ayniqsa, G‘ani kabi yillar davomida peshona terini to‘kkan yerga mehr qo‘yadi kishi. Lekin tartib-qoidalarga ham amal qilmasa bo‘lmaydi.
G‘anining jahli chiqdi.
- G‘alla desang, g‘alla ekib berardim. Pilla desang, pilla boqib berardim. Sendan oldingi ikki rais bilan ham kelishib ishlagandim, - dedi.
- Topshirish kerak bo‘lgan mahsulotni o‘zim ham topshiraveraman, - dedi Botir. - Yer kerak bo‘lsa sotib ol, - deb qo‘shib qo‘ydi.
Og‘zaki tortishuvga ayollar ham qo‘shildi. O‘rtada dilni xira qiladigan gaplar aytildi. To‘planganlar urishayotgan ikki qo‘shnini uylariga kiritishdi.
Hali sarxushligi tarqamagan G‘ani o‘g‘illariga:
- Yerni haydatayotganini ko‘rib turib, nimaga menga aytmadinglar, - deb baqirdi.
Uni bolalari zo‘rg‘a tinchlantirdi.
- Hammang, joy-joyingga borib yot, - dedi G‘anining ayoli bolalariga.
Nuralining ko‘ziga uyqu kelmadi. O‘ylab-o‘ylab Botir bilan gaplashib olish uchun chiqib ketdi.
Sherali ham hali yotgani yo‘q. Butun vujudini g‘azab, nafrat kemirib, tinch turolmayapti. Nuralining chiqqanini ko‘rib, ortidan bordi. U qo‘shni uy tomon ketayotgandi.
Yigit ortiga qaytib, yerto‘laga tushdi. Qancha paytdan beri davom etayotgan janjalga yakun yasashni istadi. Yerni tortib olib, oilasining tanchini buzgani uchun Botirdan o‘ch oladi. Hozir ayni payti. Uni o‘ldirsam, hammamiz tinchiymiz deb o‘yladi. Boltani olib ko‘chaga chiqdi. Akasi Botir bilan yer masalasida gaplashayotgandi. “Yo‘q, yerni bermayman”, dedi. Sheraliga bu gap yanayam alam qildi. Sezdirmay borib, boltaning tig‘li qismi bilan Botirning boshiga urdi. Atrof qorong‘i, buning ustiga yomg‘ir yog‘ayotgandi. Nurali nima bo‘layotganini sezmay qoldi. Botir yerga yiqildi.
- Nima qilib qo‘yding? – dedi akasi. Uning qo‘lidagi boltani tortib olmoqchi bo‘lib.
Biroq Sheralining vajohati ortsa ortdiki, kamaymadi. Akasini ham itarib, Botirning boshiga yana ikki marta urdi.
Nurali turib ukasini uyiga olib ketdi. U juda qo‘rqib qolgandi. Bu yerda qolmay amakisinikiga ketib qoldi. Ota-onasi Sheralining ahvolini ko‘rib qo‘rqib ketdi.
- Kimni urding bolta bilan? – dedi dadasi.
- Botir akani, - dedi Sherali.
G‘ani o‘g‘lini urishib turganda, Botirning onasi bilan opasi baqirib kelib qoldi. Bir zum qiy-chuv bo‘ldi. Yo‘lovchi mashinada Botirni shifoxonaga olib ketishdi.
- Botirni urganingni hech kimga aytma. Men o‘zim bo‘ynimga olaman, - deb tayinladi o‘g‘liga G‘ani. Boltani hojatxonaga tashlab yubordi.
Tibbiy yordam ko‘rsatilishiga qaramay tuman tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo‘limida Botir olgan tan jarohatlari tufayli vafot etdi.
Sud hukmi bilan Sherali 19 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.
Jabrlanuvchi foydasiga 10.000.000 so‘m moddiy zarar undiriladigan bo‘ldi.
Birovga hasad qilish yoki kim bilandir adovatga borib uni ko‘ngilda olib yurish yaxshilikka olib kelmaydi. Sherali ham oilaviy ziddiyatga borib qolgan Botirga nisbatan adovatni miyasidan chiqarib tashlolmadi. Adovat, nafrat urug‘i bo‘y ko‘rsatib, uni johillikka boshladi.