Erkak bo‘lmay har balo bo‘lgur...
(Yaponiyadagi o‘zbek yigit hikoyasi)
Har doimgidek ishda ishlab o‘tiribman. Ayolimdan xabar keldi. "Falonchi opa shifoxonaga tushib qolibdi. Yapon tilini uncha yaxshi bilmaganligi uchun borib tarjimonlik qilib kelsam maylimi?" degan mazmunda. Borib keldi.
Qaytgandan keyin telefonda vaziyatni so‘radim. Yoshi 30 dan o‘tgan ikki nafar farzandi bor ayol. Tokioda yapon tili maktabida o‘qib, ishlarkan. Kechasi soat 23:00 dan ertalabki soat 8:00 gacha do‘konda ishlaydi. Do‘kondan chiqib o‘qishga boradi. O‘qish soat 13:30 da tugab, soat 15:00 dan 22:00 gacha bir korxonada ishlaydi. Tasavvur qilyapsizmi? Uxlash, dam olish degan narsalarga vaqt yo‘q. Bunaqa rejimda har qanday odam kasal bo‘lib yiqilishi tabiiy.
"Bechora turmushi o‘xshamay, farzandlarini oyoqqa turg‘izish uchun bir o‘zi harakat qilayapti ekan-da, otasi, akasi yo‘qmikan?" deb o‘ylab tursam, eri ham bor ekan. Nogiron ham emas, ruhiy kasal ham emas, to‘rt muchasi sog‘ eri bor ekan. Shu gapni eshitdim-u, tamom bo‘ldim. Xotin Yaponiyada quldek ishlab pul jo‘natyapti. Er O‘zbekistonda bolalarni olib qolib muddatli to‘lovga uy olib, mashina olib, yallo qilib yuribdi.
Qaynona-qaynota "Kelin, siz uddaburonsiz. Eringiz sal og‘ir ishlarga bo‘lmaydi" deb Yaponiyaga jo‘natibdi. Lolman! Eshitishimcha, birgina Yaponiyada bunaqa taqdirlar bir nechta emish. Rossiya, Turkiyalarni gapirmay qo‘ya qolay.
Iya, oriyat masalasi nima bo‘lyapti, erkaklar? G‘urur nima bo‘lyapti? Qachondan ayolini, onasini, opasini-singlisini chetga jo‘natib, pulini vijdonsizlarcha ishlatib o‘tirish oddiy holga aylandi?
Bir paytlar erkaklar ayolini O‘zbekistonga tashlab, yillab chetda yurishini ham hazm qila olmaydigan millat edik. Endi bo‘lsa, teskarisiga ham ko‘nikishimiz kerakmi?..
Bolaligimda, bir qo‘shnimizning o‘g‘li yangi uylangan edi. Otasi bilan "Rossiyaga ketaman" degan suhbatini eshitib qolgan edim. Shunda otasi: "Rossiyaga ketsang ketaver-kuya, xotiningni kimga tashlab ketasan?" degan edi. Boyagi yigit Rossiya haqida boshqa gap ochmagan edi. Qisqa muddatga yoki birga olib ketishda muammo yo‘q. Ammo, oila institutiga bunaqa putur yetkazmaylik, baraka topgurlar.
Bahodir Iskandarov, Tokio.