Ertaga Yerga magnit bo‘roni kelishi kutilmoqda
Olimlar Quyoshda ikkita kuchli chaqnash sodir bo‘lganini qayd etgan. Ushbu hodisa vaqtida chiqarilgan quyosh materiyasining massasi hozirda Yer tomon harakatlanmoqda.
Aytilishicha, dastlabki, Quyosh massalarining Yerga kelishi 11 may, shanba kuniga to‘g‘ri kelishi kutilmoqda. 8 may kuni sodir bo‘lgan chaqnashlar sabab kelib chiqqan magnit bo‘ronining kuchi taxminan G2-G3, ya’ni o‘rtacha quvvatda deb baholanmoqda. Prognozlarga ko‘ra, magnit bo‘ronlarining maksimal kuchi 13, 24, 27 may kunlari, undan keyin esa 1 iyundan 3 iyun kuniga qadar kuzatiladi.
Olimlarning bildirishicha, magnit bo‘ronlarining inson salomatligiga ta’siri haqida ishonchli dalil yo‘q - quruqlikdagi organizmlar doimo Yerning magnit maydonida yashaydi va uning tebranishlariga moslashishi kerak. Biroq ba’zi odamlarning sog‘lig‘i yomonlashishi, bosh aylanishi yoki uyquning buzilishi kuzatilishi mumkin. Yurak-qon tomir kasalliklari yoki asab tizimining buzilishi bilan og‘riganlar ayniqsa ehtiyot bo‘lishi kerak.