Yevropa ittifoqi Lukashenkoni Belarusning qonuniy prezidenti sifatida tan olmadi

Yevropa ittifoqi (YeI) Aleksandr Lukashenkoni Belarusning qonuniy prezidenti sifatida tan olmaydi. Bu haqda 15 sentyabr kuni YeI diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel Yevroparlamentda ma’lum qildi.

“Biz 9 avgust kuni o‘tkazilgan saylovlar soxtalashtirilgan, deb hisoblaymiz. Biz Lukashenkoni Belarusning qonuniy prezidenti sifatida tan olmaymiz”, dedi u.

Shuningdek, Borrel YeI iloji boricha tezroq Belarusga nisbatan individual sanksiyalar joriy etishni  rejalashtirayotganini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, 9 avgust kuni Belarusda prezidentlik saylovlari o‘tkazildi. Mamlakat markaziy saylov komissiyasi taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, saylovlarda 80,1 foiz ovoz bilan Aleksandr Lukashenko g‘alaba qozondi. Biroq saylov natijalaridan norozi bo‘lgan aholi ommaviy noroziliklarga chiqa boshladi. Namoyishlar bugungi kunga qadar davom etmoqda.