Belarusda ayrim toifa jinoyatlar uchun o‘lim jazosi joriy etilishi mumkin

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko “Jinoyat javobgarligi to‘g‘risidagi kodekslarga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi. Unga ko‘ra, davlatga xiyonat qilgan mansabdor shaxslar yoki harbiy xizmatchilar endi o‘lim jazosiga mahkum etiladi, deb xabar tarqatti uning matbuot xizmati.

Qonunda terrorizmni targ‘ib qilish va Qurolli Kuchlarni obro‘sizlantirish uchun jinoiy javobgarlik ham nazarda tutilgan.

Shu bilan birga, hujjatga ko‘ra, qo‘poruvchilik qilishga tayyorgarlik ko‘rgan, lekin keyinchalik o‘z niyatidan voz kechib, bunday jinoyatlarning oldini olishga yordam bergan shaxslar jinoiy javobgarlikdan ozod qilinadi.

Shuningdek, Lukashenko tomonidan imzolangan qonunda “davlatga qarshi bir qator jinoyatlar” uchun bazaviy hisoblash miqdorining 50 ming baravari (732,4 ming dollar)gacha jarima ko‘rinishidagi qo‘shimcha jazo nazarda tutilgan.

Avvalroq, Belarus Milliy Assambleyasi Vakillar palatasi matbuot xizmati "Jinoyat javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarni o‘zgartirish to‘g‘risida" gi qonun loyihasi buzg‘unchi kuchlarga nisbatan ta’sir ko‘rsatish va davlatga xiyonat qilishga qarshi qat’iy kurashni namoyish etish uchun zarur ekanini ta’kidladi.

2022 yilning may oyida Aleksandr Lukashenko Belarus Jinoyat kodeksiga terrorchilik harakatlariga urinish uchun o‘lim jazosini joriy etgan tuzatishlarni imzoladi. Ilgari o‘lim jazosini jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyatga suiqasd qilish uchun qo‘llash mumkin emas edi. Ushbu qonun qabul qilinishi harbiy poyezdlar harakatini murakkablashtirish maqsadida temir yo‘l liniyalari harakatini to‘sib qo‘yish bilan shug‘ullangan “temiryo‘l partizanlari” hodisasi bilan bog‘liq.

Belarusdagi Xelsinki qo‘mitasi, "Vyasna" inson huquqlari markazi va "Inson huquqlari himoyachilari o‘lim jazosiga qarshi" guruhi o‘lim jazosini qo‘llashni kengaytirishga yo‘l qo‘yilmasligini e’lon qilib, jamoatchilikka murojaat qildi.