Yevropalik olimlar Samarqandga keldi
Avstriya, Vengriya, Germaniya va Italiya davlatlaridan agrar sohada faoliyat yurituvchi olimlar delegatsiyasi O‘zbekistonda bo‘lib turibdi.
Xorijlik olimlar Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filialida bo‘lib, o‘qituvchi va talabalar bilan uchrashdi.
Ralf Djorj, Georg Lukachsiy, Istvan Ipach-Sabo agrar sohada ta’lim olayotgan talabalarni uzum ko‘chatlarini yetishtirishda Vengriya texnologiyasi, uzumzorlar dizayni hamda qishloq xo‘jaligi ekinlari monitoringining o‘ziga xos xususiyatlari, shuningdek, agroturizmni rivojlantirishda vino ishlab chiqaruvchilarning o‘rni yuzasidan ma’ruza o‘qidi.
- Agrar sohada xorij tajribasini o‘rganish, O‘zbekiston sharoitida uni amaliyotga joriy etish dolzarb masalalardan biri, - dedi filial direktori Shavkat Hasanov. – Xorijlik soha mutaxassislari o‘z tajribasini o‘rgatish maqsadida O‘zbekistonga kelib, oliy ta’lim muassasalarida o‘qituvchi va talabalar bilan uchrashmoqda. Kelajakda bizda ham xorijdagidek “Smart qishloq” loyihalari amaliyotda qo‘llaniladi. Masalan, tadbirkor texnologiyalar yordamida uyidan turib ham dalasini sug‘ora oladi.
Prezidentimizning “Uzumchilikni rivojlantirishda klaster tizimini joriy etish, sohaga ilg‘or texnologiyalarni jalb qilishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalarni amalga oshirish doirasida yurtimizga taklif etilgan mehmonlar Samarqandning tarixiy obidalarini ham ziyorat qilishdi.
Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filiali axborot xizmati.