Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Zarnews.uz’ga murojaat: Elektr uzilishlari sabab yangi oliygohda zamonaviy darslar tashkil qilib bo‘lmayapti

Oqdaryo tumanining Dahbed qo‘rg‘onida joylashgan Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filiali o‘tgan o‘quv yilida o‘z faoliyatini boshladi.

Ochig‘i, filial tumanda joylashganligi bois ochilganidan buyon elektr energiyasi ta’minotida muammolar bo‘lib turadi. Ayniqsa, kunlar sovishi bilan har kuni filialda elektr energiyasida tez-tez uzilishlar kuzatiladi.

Filialga viloyat hokimining tashrifi davomida mas’ullarga berilgan topshirig‘iga binoan, ikkinchi zahira liniya tortildi. Bundan hamma xursand bo‘lishgandi, hatto Respublika “Agrobank” ATB tomonidan homiylik asosida yangi transformator olib kelindi. Biroq, tuman elektr energiyasi mutasaddilari ikkinchi liniyadan o‘tadigan simyog‘ochlarni almashtiramiz, deb olib ketishgandi. Ammo hanuzgacha yangi simyog‘ochlar o‘rnatilmadi.
Elektr energiyasidagi tez-tez uzilishlar ta’lim jarayoniga va uning sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi barchamizga ma’lum.

Chunki, bugungi kun sharoitida zamonaviy texnik vositalar va raqamli texnologiyalarni qo‘llash, laboratoriyalarni elektr energiyasisiz ishlatishni tasavvur qilib bo‘lmaydi.

Shunday ekan, mutasaddi rahbarlardan ushbu muammoni hal etishlari yuzasidan mulohazalarni kutib qolamiz!