Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filialida darslar boshlandi
Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 16 sentyabrdagi “Toshkent davlat agrar universitetining Samarqand filialini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Oqdaryo tumani Dahbed qo‘rg‘onida Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filiali tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasining 2020 yil 11 noyabrdagi 7-sonli bayoni qaroriga asosan, 2020-2021 o‘quv yilida filial bakalavriatining 16 ta ta’lim yo‘nalishlariga kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha davlat buyurtmasiga ko‘ra o‘qishga qabul qilish parametrlari tasdiqlandi. Qarorga asosan filialda mavjud mos bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga Respublikaning boshqa ta’lim muassasalariga hujjat topshirgan abituriyentlar ballar ketma-ketligida Davlat test markazi tomonidan saralanib, talabalikka tavsiya etildi.
Ushbu talabalikka tavsiya etilganlardan 88 nafari davlat granti, 254 nafari to‘lov–shartnoma asosida, jami 342 nafar talaba o‘qishga qabul qilindi.
Filialda agrobiologiya, agrobiznes va logistika fakultetlarida 6 ta kafedra mavjud bo‘lib, mazkur kafedralarda 40 dan ortiq malakali pedagog kadrlar talabalarga bilim beradi.
Oliygohda 2020-2021 o‘quv yili joriy yilning 14 dekabr sanasidan an’anaviy tarzda “Birinchi kurs maktabi” darslari bilan boshlandi.
Bundan tashqari, 10-12 dekabr kunlari filialda 11 ta magistratura mutaxassisliklari uchun kirish imtihonlari bo‘lib o‘tdi. Imtihonlarni muvafaqqiyatli topshirganlar uchun o‘quv yili 2021 yilning yanvar oyidan boshlanadi.
Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filiali axborot xizmati.