Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filiali talabalari kredit-modul tizimida ta’lim olmoqda

Bu haqda bugun Samarqand viloyat Matbuot uyida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida filial direktori Shavkat Hasanov ma’lum qildi.

- Filial qishloq xo‘jaligida innovatsion resurs tejaydigan ilg‘or texnologiyalarni qo‘llash, “Aqlli qishloq xo‘jaligi” (Smart agroculture) va raqamlashtirilgan agrotexnologiyalarni joriy etish bo‘yicha zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan kadrlarni tayyorlash maqsadida ochildi, - dedi Sh.Hasanov. - Talabalar haftada 5 kun o‘qiydi, shanba kuni mustaqil o‘zlashtirish kuni hisoblanadi. 2020-2021 o‘quv yilida talabalikka tavsiya etilganlardan 79 nafari davlat granti, 241 nafari to‘lov-shartnoma asosida, jami 320 nafar talaba o‘qishga qabul qilindi. Ularning atigi 10 foizi Samarqand viloyatidan, qolganlari boshqa viloyatlardan Davlat test markazi tomonidan saralab olingan talabalardir.

Shuningdek, magistratura yo‘nalishiga jami 70 nafar, shundan 39 nafar talaba davlat granti asosida, 31 nafar to‘lov-shartnoma asosida qabul qilindi.

Filialda agrobiologiya, agrobiznes va logistika fakultetlarida 6 ta kafedra mavjud bo‘lib, mazkur kafedralarda 40 dan ortiq malakali pedagog kadrlar talabalarga bilim beradi.

Talabalar uchun darslar 2020 yilning 14 dekabr sanasidan an’anaviy tarzda, magistrlarga esa 2021 yilning yanvaridan boshlandi.

Shuningdek, yaqinda viloyat hokimligi tomonidan filialga 50 gektar yer ajratildi. Magistrantlarning tajribalari ushbu maydonda olib boriladi. Bundan tashqari, filial binosida kampus yaratiladi. Bunda talabalar amaliy va nazariy bilimlarini birgalikda olish uchun zamonaviy o‘quv laboratoriyalari yaratiladi.

Eslatib o‘tamiz: Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 16 sentyabrdagi “Toshkent davlat agrar universitetining Samarqand filialini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Oqdaryo tumani Dahbed qo‘rg‘onida Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filiali tashkil etildi.